Barclay
KİTABLARAudio kitablarHekayələrİlahilərFilmlər və cizgi filmləriXilas haqqında müjdəXoş xəbər hekayələri

Agar biz bu xatni kim yozganini bilmaganimizda, tan olishga majbur bo‘lardik: bunday xatni faqat ruhi mustahkam poydevorga tayanadigan, o‘zining qudratli guvohligi bilan odamlar ruhini ular boshiga yog‘ilayotgan azob-uqubatlar bo‘roni ostida mustahkamlaydigan va ularni haqiqiy mustahkam asos ustida barpo etadigan qoya-odamgina yoza oladi. Visinger

Kirish

I. KANONDAGI ALOHIDA O‘RIN

Musulmon va kommunistik mamlakatlardagi masihiylar qatag‘onlarga, dushmanlikka va hatto ochiq ta’qiblarga shunchalik ko‘nikib qolishganki, ularni deyarli kutishadi. Ular uchun Butrusning birinchi maktubi katta amaliy yordam hisoblanadi.

U ularga azob-uqubatlarni Rabbimiz qanday qabul qilgan bo‘lsa, shunday qabul qilishni o‘rgatadi va qat’iyatlilik kabi muayyan fazilatlarni shakllantirishga ko‘maklashadi.

G‘arbdagi masihiylar, ayniqsa, katta Injil merosiga ega bo‘lgan ingliz tilida so‘zlashuvchi imonlilar e’tiqodga qarshi qaratilgan ijtimoiy qarshilikka hali moslashmaganlari ma’lum. Yaqin vaqtgacha davlat hech bo‘lmaganda oilani jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida ma’qullagan va hatto "o‘zingiz tanlagan ibodatxonaga" borishni rag‘batlantirgan. Lekin hozir vaziyat o‘zgardi. Hukumat, ayniqsa mahalliy hokimiyat organlari, sudyalar, ta’lim muassasalari va ayniqsa ommaviy axborot vositalaridan foydalanib, Muqaddas Kitobga ishonuvchi masihiylarni noto‘g‘ri tasvirlash, masxara qilish va hatto badnom qilish uchun foydalanayotganga o‘xshaydi. Radio, televideniye, kino, gazetalar, jurnallar va rasmiy xabarlarda axloqsizlik, beadablik, yolg‘on va hatto kufrni targ‘ib qilishmoqda. Bugungi kunda masihiylik "madaniyatga zid" bo‘lib qoldi va imonlilar birinchi maktubda havoriy Butrus o‘rgatgan saboqlarni qanchalik tez anglasalar, agar Rabbimiz kechiktirsa, yigirmanchi asrning so‘nggi yillari va yigirma birinchi asrning dastlabki yillariga shunchalik yaxshi tayyorgarlik ko‘radilar.

II. MUALLIFLIK

Tashqi dalillar

Ushbu maktubni Butrus yozganini tasdiqlovchi tashqi dalillar erta va deyarli umumiy qabul qilingan. Yevseviyning fikricha, Butrusning birinchi maktubi barcha imonlilar tomonidan qabul qilingan kitoblar (homologoumena) qatoridan o‘rin olgan. Polikarp va Kliment Aleksandriyskiy ham bu kitobni tan olishgan. Uning Markion "kanoni"da yo‘qligi ajablanarli emas, chunki u faqat Pavlusning maktublarini qabul qilgan. Muratoriy kanoni ro‘yxatlarida 1 Butrus yo‘q, ammo bu, ehtimol, ushbu hujjatning to‘liq saqlanmaganligi tufaylidir.

Ehtimol, 2 Butrus 3:1 - Butrusning Birinchi maktubini eng ilk tasdiqlagan manbadir. Hatto Butrus Ikkinchi maktubni yozmaganiga ishonganlar ham (2-Butrusning kirish qismiga qarang), agar haqiqatan ham 2-Butrus 3:1, taxmin qilinganidek, ushbu oldingi maktubga tegishli bo‘lsa, uni Butrusning Birinchi maktubi uchun dalil kuchiga ega bo‘lish uchun yetarlicha erta deb hisoblashadi.

Ichki dalillar

Ba’zilarni Butrusning muallifligiga shubha qilishga undaydigan ichki dalil - bu maktubda ishlatilgan juda to‘g‘ri yunon tili. Galileylik baliqchi shunchalik yaxshi yoza olarmidi? Ko‘pchilik "Yo‘q" deydi. Biroq, bizning madaniyatimiz ko‘p bor tasdiqlagan kabi, til va notiqlik qobiliyatiga ega bo‘lgan odamlar ko‘pincha kollej yoki seminariyada o‘qimasdan turib, go‘zal nutq orqali mashhur shaxslarga aylanishadi. Butrus o‘ttiz yil davomida va’z qilgan, bunga Muqaddas Ruhning ilhomi va maktubni yozishda Silvanusning ehtimoliy yordamini qo‘shsak bo‘ladi. Havoriylar kitobida (4:13) Butrus va Yuhannoning savodsiz va oddiy odamlar bo‘lgani aytilganda, bu ularning rasmiy ravvinlik ta’limini olmaganligini anglatadi.

Birinchi maktubda Butrusning hayoti va xizmatiga ishoralar yetarli, buni quyidagi tafsilotlar ro‘yxati ko‘rsatib turibdi.

1:8-oyatda muallif Isoni o‘quvchilar ko‘rmagan tarzda ko‘rganini nazarda tutadi. U: "Uni ko‘rmasdan turib sevasizlar," deydi, "Biz Uni ko‘rmadik," demaydi.

Boshqa oyatlardan muallifning Rabbimizga hamroh bo‘lganini bilib olamiz.

Ikkinchi bobning dastlabki o‘nta oyati Masihni poydevor toshi sifatida tasvirlaydi va shu tariqa bizni Filippning Kesariyasidagi voqeaga yo‘naltiradi (Matto 16:13−20). Butrus Isoni tirik Xudoning O‘g‘li deb e’tirof etganda, Rabbimiz Iso O‘z cherkovi shu asosda, ya’ni Masih tirik Xudoning O‘g‘li ekanligi haqidagi haqiqat asosida qurilishini e’lon qildi. U cherkovning tamal toshi va poydevoridir.

2:5-oyatdagi tirik toshlarga ishora Yuhanno (1:42) kitobidagi "Simon" ismining oromiycha "Kifa" yoki yunoncha "Butrus", ya’ni "tosh" deb o‘zgartirilgan holatni eslatadi. Butrus Masihga ishonib, tirik toshga aylandi. Uning 2-bobda toshlar haqida aytadigan gaplari borligi ajablanarli emas. 2:7-oyatda muallif Zabur 117:22 ga havola qiladi: "Quruvchilar rad etgan tosh burchakning boshi bo‘ldi". Quddusdagi hukmdorlar, oqsoqollar va ulamolar oldida sudga tortilganda, Butrus aynan shu joyga ishora qilgan (Havoriylar 4:11).

Havoriyning o‘z o‘quvchilariga hukumatga bo‘ysunishni maslahat berganini (2:13−17) o‘qir ekanmiz, Butrusning o‘zi bo‘ysunmay, oliy ruhoniyning qulining qulog‘ini kesib tashlagan vaqtni eslaymiz (Yuhanno 18:10). Demak, uning maslahati nafaqat ilohiy ilhom bilan, balki katta hayotiy tajribaga asoslangan!

2:21−24-oyatlar, chamasi, Rabbimiz Isoning azob-uqubatlari va o‘limini ko‘rgan guvohning shahodatiga ishora qiladi. Butrus Najotkorning itoatkorona chidab, so‘zsiz azob chekkanini hech qachon unutolmasdi. 2:24-oyatda bizga Xaloskor xochga mixlanish orqali qanday o‘lgani aytilgan. Tavsif Havoriylar kitobidagi (5:30 va 10:39) Butrusning so‘zlarini takrorlayotganga o‘xshaydi.

Cho‘pon va ularning ruhlarining Qo‘riqchisiga qaytgan o‘quvchilari haqida gapirganda (2:25), Butrus Rabbidan voz kechganidan keyin o‘zining tiklanishi haqida o‘ylagan bo‘lsa kerak (Yuhanno 21:15−19).

"Muhabbat ko‘p gunohlarni yopadi" (4:8) degan eslatma, ehtimol Butrusning quyidagi savollariga ishora qilayotgandir: "Yo Rabbiy, menga qarshi gunoh qilgan birodarimni necha marta kechirishim kerak? Yetti martagachami?" Iso javob berdi: "Senga yetti marta emas, balki yetmish karra yetti marta deb aytaman" (Matto 18:21−22). Boshqacha aytganda, cheksiz marta.

4:16-oyatda aytilishicha, agar kimdir masihiy sifatida azob cheksa, u uyalmasligi, balki Xudoni ulug‘lashi kerak. Bu joyni Havoriylar (5:40-42) bilan taqqoslang, unda Butrus va boshqa havoriylar kaltaklanishdan so‘ng "Rabbimiz Iso nomi uchun haqoratga sazovor bo‘lganlaridan xursand bo‘lib," oliy kengashdan chiqishgan. Xat muallifi Masihning azob-uqubatlariga guvoh bo‘lganini tan oladi (5:1). "Zohir bo‘ladigan ulug‘vorlikda sherik" iborasi Masihning o‘zgarishini nazarda tutishi mumkin. Albatta, Butrus ikkala voqeaning ham guvohi bo‘lgan.

"Xudoning suruvini boqing" (5:2) degan muloyim nasihat bizga Najotkorning Butrusga aytgan so‘zlarini eslatadi: "Qo‘zilarimni boq... qo‘ylarimni boq... qo‘ylarimni boq" (Yuhanno 21:15−17).

5:5-oyatdagi "kamtarlikni kiyim kabi kiyinglar" degan so‘zlar, Yuhanno 13-bobda tasvirlangan voqeani eslatadi. O‘shanda Isoning O‘zi xizmatkorning peshbandini bog‘lab, shogirdlarining oyoqlarini yuvgan edi. Mag‘rurlik va kamtarlik (5:5-6) haqidagi parcha, Butrusning hech qachon Rabbidan voz kechmasligini takabburona ta’kidlaganini (Mark 14:29−31), so‘ngra Najotkordan uch marta voz kechganini (Mark 14:67−72) eslaganimizda yanada ahamiyatliroq bo‘ladi.

Butrusning tajribasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘nggi ishora 5:8-oyatda keltirilgan: "...dushmaningiz iblis o‘kirgan sherdek yutib yuborish uchun kimnidir izlab yuradi". Butrus buni yozganida, ehtimol, Iso unga: "Simon, Simon! Mana, shayton sizlarni bug‘doy kabi elash uchun so‘radi" (Luqo 22:31) deb aytgan paytni eslagan bo‘lishi mumkin.

III. YOZILISH VAQTI

Butrusning hukumat umuman yaxshilik qilishni istaydiganlarga foyda keltiradi, degan ta’limoti (1 Butrus 2:13-17), ko‘pchilikning fikricha, Neron (milodiy 64-yil) masihiylarni qattiq ta’qib qila boshlaganidan keyin yozish uchun juda murosasoz ko‘rinadi. Har holda, maktubni bu davrdan juda uzoqlashtirib bo‘lmaydi. Ehtimol, u milodiy 64 yoki 65-yilda yozilgan.

IV. YOZISH MAQSADI VA MAVZU

Ta’kidlanganidek, Butrus masihiylar hayotidagi azob-uqubatlarga alohida e’tibor qaratgan. Uning o‘quvchilari Masih uchun tuhmat va masxaralarga duchor bo‘lganga o‘xshaydi (4:14−15). Qamoqxona, mol-mulkni musodara qilish va ko‘pchilikni zo‘ravonlik bilan o‘ldirish hali ham kelajakda bo‘lishi aniq. Biroq azob-uqubatlar bu katta maktubning yagona mavzusi emas. Injilni qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barakalar, imonlilarning dunyo, davlat, oila va cherkov bilan to‘g‘ri munosabatlari, kattalarni nasihat qilish va jazo - bularning barchasi shular jumlasidandir. Havoriy "Bobil"dan - yahudiylar jamoasi joylashgan Frot daryosi bo‘yidagi bu shahardanmi yoki Tibr (Rim) bo‘yidagi ma’naviy Bobildanmi - bu maktubni sharqiy viloyatlarga, hozirgi Turkiya hududiga yuboradi.

Reja

I. Imonli kishining imtiyoz va majburiyatlari (1:1 - 2:10)

A. Salomlashish (1:1-2)

B. Masihiyning imonli sifatidagi holati (1:3−12)

D. Ushbu holatga ko‘ra masihiy o‘zini qanday tutishi (1:13 - 2:3)

E. Yangi uydagi masihiyning imtiyozlari va ruhoniylik (2:4−10)

II. Imonli kishining munosabati (2:11 - 4:6)

A. Musofir dunyoga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (2:11−12)

B. Fuqaro hokimiyatga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (2:13−17)

D. Xizmatkor o‘z xo‘jayiniga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (2:18−25)

E. Xotin eriga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (3:1−6)

F. Er xotiniga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (3:7)

G. Birodar birodarlikka qanday munosabatda bo‘lishi kerak (3:8)

H. Azob chekuvchi quvg‘inchilarga qanday munosabatda bo‘lishi kerak (3:9 - 4:6)

III. Imonlining xizmati va azob-uqubatlari (4:7 - 5:14)

A. So‘nggi kunlar uchun muhim ko‘rsatmalar (4:7−11)

B. Azob-uqubatga oid nasihatlar (4:12−19)

D. Nasihatlar va salomlashishlar (5:1−14)