Barclay
KİTABLARAudio kitablarHekayələrİlahilərFilmlər və cizgi filmləriXilas haqqında müjdəXoş xəbər hekayələri

IX. BOYLAR VA ULARNI KUTAYOTGAN TAVBA (5:1−6)

Yoqub o‘z maktubining eng batafsil va ta’sirli boblaridan birini boylarning gunohlarini fosh etish bilan boshlaydi. So‘zlar bolg‘a zarbidek yog‘iladi, keskin va shafqatsiz. Darhaqiqat, ayblov shu qadar kuchliki, bu oyatlar kamdan-kam hollarda minbardan yangratiladigan bo‘ldi.

Yoqub bu yerda ijtimoiy adolat targ‘ibotchisi sifatida namoyon bo‘ladi. U boylarning o‘z mablag‘larini odamlarning ehtiyojlarini yengillashtirish uchun ishlatishdan bosh tortishidan g‘azablanadi. U o‘z ishchilarini ekspluatatsiya qilib boyib ketganlarni qoralaydi. Ularni boylikdan o‘z istaklariga berilib, hashamatli hayot kechirishda ayblaydi. Nihoyat, u boylarni solih kishilarga nisbatan takabbur zolimlar sifatida ta’riflaydi.

5:1 Avvaliga u boylarni boshlariga tushadigan kulfatlar uchun yig‘lashga va faryod qilishga undaydi. Tez orada ular Xudoning huzuriga boradilar va o‘shanda uyat va pushaymonlikka duchor bo‘ladilar.

Ular o‘zlarining ishonchsiz boshqaruvchilar bo‘lganliklarini anglaydilar. Qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar uchun qayg‘uradilar. Ochko‘zliklari va xudbinliklari uchun pushaymon bo‘ladilar. Vijdonsiz hiyla-nayranglari uchun jazoga tortiladilar. Xavfsizlikni Xudodan emas, moddiy narsalardan izlash naqadar gunoh ekanini tushunib yetadilar.

Shunday qilib, ular o‘z nafs-havaslariga ergashganlari uchun qattiq pushaymon bo‘ladilar. Yoqub boylarga xos bo‘lgan to‘rtta asosiy gunohni tilga oladi. Birinchi gunoh - boylik to‘plash.

5:2 J. B. Filips bu parchani shunday ifodalaydi: "Eng qimmatbaho narsalaringiz chirib ketdi, kiyim-kechak g‘amlaringizni esa kuya yeb bitirdi. Oltin va kumushlaringiz xiralashdi. Ha, ularning xiraligi gunohkor to‘plaganlaringizga qarshi guvohlik beradi va siz ulardan xuddi qizdirilgandek chetga tisarilib qochasiz."

Muqaddas Kitobda boy bo‘lish gunoh deb aytilmagan. Masalan, inson kutilmaganda meros orqali boyib qolishi mumkin va, tabiiyki, uning boyib ketganida hech qanday gunoh yo‘q. Ammo Muqaddas Kitob boylik to‘plashni gunoh deb o‘rgatadi.

Iso Masih ochiqdan-ochiq mol-dunyo to‘plashni taqiqlagan edi. U shunday degan: "O‘zingizga yerda xazinalar to‘plamanglar. U yerda kuya va zang ularni nobud qiladi, o‘g‘rilar esa uyga buzib kirib o‘g‘irlaydi. Aksincha, o‘zingizga samoda xazinalar to‘planglar. U yerda na kuya, na zang ularni nobud qiladi, o‘g‘rilar ham uyga buzib kirib o‘g‘irlamaydi. Zotan, xazinang qayerda bo‘lsa, qalbing ham o‘sha yerda bo‘ladi" (Matto 6:19−21).

Yoqub boylikning to‘rt shakli haqida so‘zlaydi: boylik, kiyim-kechak, oltin va kumush. Qadimda boylik deganda asosan don, yog‘ va boshqa mahsulotlar: kiyim-kechak, oltin va kumush tushunilgan. Ehtimol, Yoqub "Boyligingiz chirib ketdi" deganida, donni qurtlar yeb, yog‘ni esa achiganini nazarda tutgandir.

Masala shundaki, bu mahsulotlar buzilguncha saqlab qo‘yilgan. Bir paytlar ulardan ochlarni to‘ydirish uchun foydalanish mumkin edi, endi esa ular hech narsaga arzimaydi. "Kiyimlaringizni kuya yeb bitirdi", deya davom etadi u. Muntazam kiyiladigan kiyimlar bilan bunday bo‘lmaydi. Ammo javonlar kiyimlar bilan shunchalik to‘lib-toshganki, ularni juda kam kiyishadi, oqibatda ularni kuya zararlaydi. Yoqub butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlar muhtojlikda yashayotgan bir paytda, kiyim-kechak to‘plashni axloqsizlik deb hisoblaydi.

5:3 "Oltin va kumushlaringiz zanglab qoldi, ularning zangi sizlarga qarshi guvohlik beradi va tanangizni olov kabi yondirib tashlaydi", deya davom etadi u. Oltin va kumush zanglamaydi, lekin xiralashadi va rangini o‘zgartiradi, noqulay saqlash sharoitlarida esa korroziyaga uchrashi mumkin. Boy o‘z pulini biror ishga sarflash, ochlarni to‘ydirish, muhtojlarni kiyintirish, bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlash va Xushxabarni tarqatish o‘rniga, mablag‘ini "qora kun" uchun g‘amlab qo‘ygan. Ular hech kimga foyda keltirmadi va oxir-oqibat chirib ketdi.

Foydalanilmagani va chirib ketganidan dalolat beruvchi zang boylarni hukm qilishda ashyoviy dalil bo‘ladi. Agar bu Yoqub zamonidagi boylar uchun haqiqat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kundagi imonlilar uchun bu qanchalik ko‘proq haqiqatdir! Agar bizda Xushxabarni yoyish uchun mablag‘ bo‘lsa-yu, undan foydalanishni istamasak, qanday hukm ostida qolishimiz mumkin! Agar jonlarni qutqarish uchun ishlatishimiz mumkin bo‘lgan moddiy boyliklarni to‘plasak-chi!

"Ularning zangi... tanangizni olov kabi yondirib tashlaydi" iborasi boylikni boshqalarga foyda keltirishdan bosh tortish boylarga eng og‘ir azob-uqubat va pushaymonlik keltirishi ma’nosini anglatadi. Qachonki ularning ko‘zlari ochilib, o‘z xudbinliklari va ochko‘zliklarining butun shafqatsizligini ko‘rganlarida, boylik (qimmatbaho taqinchoqlar, hashamatli kiyim-kechaklar, dang‘illama uylar, qimmatbaho mashinalar) ularni olovdek kuydiradi.

5:4 Yoqub fosh qilgan ikkinchi gunoh - tegishli ish haqini to‘lamaslik hisobiga boylik orttirishdir. Dalalarni o‘rgan ishchilar qonuniy ish haqidan mahrum qilingan. Ishchilar e’tiroz bildirsalar-da, tovon undirish uchun ojiz edilar. Yer yuzida ularni himoya qiladigan hech kim yo‘q edi.

Biroq ularning faryodini Savaof Xudosi (ivrit. "Janglar Xudosi") eshitdi. U samoviy qo‘shinning sarkardasi bo‘lib, oddiy xalqning toptalgan huquqlarini himoya qilishga qodir. Qodir Parvardigor ular uchun o‘rtaga tushib, qasos oladi. Shunday qilib, Muqaddas Kitob nafaqat boylik orttirishni, balki nohaq yo‘l bilan boylik to‘plashni ham qoralaydi. Ish haqini noqonuniy ushlab qolish gunohidan tashqari, Yoqub daromad solig‘ini soxtalashtirish, kam o‘lchash va o‘lchov qilish, mahalliy nazoratchilar yoki boshqa amaldorlarga pora berish, yolg‘on reklama tarqatish va xarajatlar hisobini qalbakilashtirish kabilarni ham tilga olishi mumkin edi.

5:5 Keyin Yoqub boylarning isrofgarchilik hayotini qoralaydi. Qimmatbaho taqinchoqlar, hashamatli kiyimlar, noz-ne’matlar va dabdabali uylar - ko‘plab odamlar qashshoqlikda yashayotgan bir paytda qanday qilib boyliklarini o‘zlari uchun sarflashlari mumkin? Yoki bugungi kundan bir misol keltiraylik. Cherkov va masihiylarning boyligi va isrofgarchiligini qanday oqlash mumkin? Biz har kuni minglab odamlar ochlikdan o‘layotgan dunyoda yashamoqdamiz. Yer yuzi aholisining yarmidan ko‘pi Iso Masih haqida hech qachon eshitmagan. Bunday dunyoda sport avtomobillarimiz, limuzinlarimiz, tez yurar kemalarimizni nima bilan oqlay olamiz? Qimmatbaho mehmonxonalar, oliy toifali restoranlar, nafsga erk berishning har qanday ko‘rinishlariga qanday qilib Parvardigorning mablag‘larini sarflashimiz mumkin? Muqaddas Kitobning aniq ta’limoti, dunyoning og‘ir ehtiyojlari, Xaloskorning ibrati va oddiy rahm-shafqat tuyg‘usi, Xushxabarni eshitmagan birgina jon bor ekan, farovonlik, hashamat va xotirjamlikda yashash noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda.

Aysh-ishratda yashab, maishatda o‘zini tiya olmaganlar go‘yo qurbonlik kuni uchun yuraklarini to‘yg‘azganlarga, xuddi so‘yishdan oldin semirtirilgan hayvonlarga yoki atrofidagilar halok bo‘layotgan paytda talon-taroj qilayotgan askarlarga o‘xshatiladi.

5:6 Boylarga qarshi so‘nggi ayblov: ular solih odamni hukm qilib o‘ldirdilar, u esa ularga qarshilik qilmadi. Ba’zilar bu solih odam Rabbimiz Iso, deb hisoblaydilar. Lekin uning o‘limida boylar emas, ko‘proq din arboblari aybdor. Ehtimol, solih odamni barcha begunohlarning ramzi deb tushunish to‘g‘riroqdir. Yoqub boylarning o‘z qo‘l ostidagilarga nisbatan qo‘pol, takabburona munosabati haqida fikr yuritadi. Boylar ularni keskin so‘zlari va do‘q-po‘pisalari bilan nohaq hukm qildilar. Ularni, ehtimol, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki haddan tashqari ishlatib va ish haqi to‘lamaslik orqali o‘ldirganlar. Begunohlar hech qanday qarshilik ko‘rsatishmadi.

E’tiroz bildirish ular uchun yanada ko‘proq xo‘rlanish yoki ishdan bo‘shatilish bilan yakunlanishi mumkin edi.

X. SABR-TOQATGA DA’VAT (5:7−12)

5:7 Endi Yoqub zulm ko‘rayotgan imonlilarga murojaat qilib, ularni sabr-toqatli bo‘lishga undaydi. Sabrning asosi - Rabbimizning kelishidir. Bu yo osmonga ko‘tarilish, yo Masihning hukmronlik qilish uchun kelishini anglatishi mumkin.

Yangi Ahdda ikkalasi ham uzoq muddatli sabr-toqatni rag‘batlantirish uchun ishlatiladi.

Dehqon sabr-toqatga bo‘lgan ehtiyojni tasvirlaydi. U ekkan kuni hosilni o‘rmaydi.

Uning oldida uzoq kutish davri turibdi. Avval urug‘ning unib chiqishiga yordam beradigan erta yomg‘ir yog‘ishi kerak. Keyin mavsum oxirida - yaxshi hosil uchun zarur bo‘lgan kechki yomg‘ir yog‘adi. Ba’zilar erta va kechki yomg‘irga ishora qilishda xristianlikning ilk davrida cherkovga yog‘ilgan Ellikllik bayramining baraka-duolari Rabbimizning qaytishi oldidan takrorlanishi haqidagi va’dani ko‘radilar, ammo Yangi Ahdning umumiy mazmuni bunday kutishni tasdiqlamaydi. Biroq, Xudoga xizmat qilishda g‘ayratli va butun dunyo bo‘ylab Xushxabarni yoyish yukidan egilgan imonlilarning sodiq qoldig‘ini kutishimizga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. Xaloskorning qaytishini kutib olishning bundan-da yaxshiroq usuli bormi?

5:8 Xudo qaytib kelganida, yerdagi yomonlik yaxshilikka aylanadi. Shuning uchun Uning xalqi dehqondek sabr-toqatli bo‘lishi lozim. Xudoning farzandlari Uning kelishiga bo‘lgan ishonch bilan qalblarini mustahkamlashlari kerak.

5:9 Ta’qib va kulfatlar paytida jabrlanganlarga bir-biriga qarshi chiqish joiz emas. Sinov kunlarida insonning g‘alati xususiyati namoyon bo‘ladi - biz eng yaxshi ko‘rgan odamlarimizga nisbatan g‘azabimiz qaynaydi. Shu bois Yoqub: "Bir-biringizdan nolimanglar, aks holda mahkum etilasizlar", deb ogohlantirgan. (NU va M matnlarida "sudlanganlar" deb o‘qiymiz, ammo mazmun salbiy hukmni nazarda tutadi, shuning uchun "mahkum etilganlar" so‘zi o‘rinli.) Bu oyat Xudoning xizmatkorlarini qiyin vaziyatlarda hamjihatlikda mehnat qilishga undaydi. G‘azab bizni qamrab olishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Axir, Hakam eshik oldida-ku! U bizning fikrlarimizni biladi. Tez orada Masihning mahkamasida hisob beramiz. Hukm qilinmaslik uchun boshqalarni hukm qilmasligimiz lozim.

5:10 Eski Ahd payg‘ambarlari azob-uqubat va sabr-toqat namunasi sifatida keltirilgan. E’tibor bering, azob-uqubat uzoq sabr-toqatdan oldin keladi. "Qayg‘udan sabr-toqat tug‘iladi" (Rimliklar 5:3). Yuqorida tushuntirilganidek, Yangi Ahdda sabr-toqat ruhiy kuch yoki qat’iyatlilikni anglatadi. Xudoning Kalomini e’lon qilishdagi sadoqatlari uchun payg‘ambarlar shafqatsizlarcha ta’qib qilingan. Shunday bo‘lsa-da, ular Ko‘rinmasni ko‘rib turgandek, qat’iyatli edilar (Ibroniylar 11:27, 32−40).

5:11 Ishayo, Yeremiyo va Doniyor kabi payg‘ambarlarga katta hurmat bilan qaraymiz. G‘ayrat va sadoqat bilan yashaganlari uchun ularni e’zozlaymiz.

Shu ma’noda biz ularni baxtli deb ataymiz. Ular haq, dunyo esa nohaq ekanligiga qo‘shilamiz. Ular katta sinov va azob-uqubatlarni boshdan kechirib, ularga sabr-toqat bilan bardosh berganliklarini unutmasligimiz kerak. Agar bizni ham baxtli deb atashlarini istasak, biz ham shunday yo‘l tutishimiz kerak, degan xulosaga kelish mantiqan to‘g‘ri.

Ayub sabr-toqat va matonatning ajoyib namunasidir. Jahon tarixida kamdan-kam odam Ayubdek qisqa vaqt ichida shunchalik ko‘p narsasini yo‘qotgan. Shunday bo‘lsa-da, u hech qachon Xudoni la’natlamagan va Undan yuz o‘girmagan. Oxir-oqibat uning sabr-toqati mukofotlandi. Xudo O‘zini namoyon qildi, chunki U doimo mehribon va rahmdildir.

Agar biz Yoqubning Xudo bergan oqibat haqida aytganini bilmaganimizda, ehtimol, fosiqlarga hasad qilgan bo‘lardik. Asaf yovuzlarning farovonligiga hasad qildi (Zabur 72:3−17). Bu haqda qancha ko‘p o‘ylasa, shuncha xavotirga tushardi. Shunda u Xudoning ma’badiga kirdi va fosiqlarning taqdirini angladi. Uning butun hasadi yo‘qoldi. Dovud ham xuddi shunday holatni boshdan kechirgan. Zabur 16:15 da u imonli kishining kelajakdagi taqdirini tasvirlaydi. Mo‘min kelgusidagi mukofotga qarab, sobitqadam bo‘ladi. Ayub misolida, Parvardigorning inoyati shunday bo‘ldi: Xudo unga ilgarigidan ikki baravar ko‘p ne’mat berdi (Ayub 42:10-15).

5:12 Sinov paytidagi sabrsizlik qasam ichishda ham namoyon bo‘ladi.

Bu yerda, avvalo, kufr yoki la’nat haqida gap bormayapti. Sudda qasamyod qilish haqida ham emas. So‘zning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun Parvardigorning ismi yoki boshqa ismni yengil-yelpi ishlatish taqiqlanadi. Masihiy kishi kimgadir yoki nimagadir: na osmon bilan, na yer bilan qasam ichmasligi kerak. Uni bilganlar uning "ha" degani "ha", "yo‘q" degani "yo‘q" ekaniga ishonishlari lozim.

Bu oyatdan kelib chiqib, "barcha avliyolar haqqi", "Xudo menga hakam", "Xudo haqqi" kabi befoyda iboralar, "Xudo ursin", "Xudo jazosini bersin", "Xudo haqi" kabi qo‘pol qasamlar qabul qilinmasligi haqida ham gapirish mumkin.

Ta’na qilinmasligingiz uchun Yoqub uchinchi amrni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin: "Xudoyingiz bo‘lmish Egamizning ismini behuda tilga olmanglar, chunki Egamiz O‘z ismini behuda tilga olganni jazosiz qoldirmaydi" (Chiqish 20:7).

(Ko‘pchilik matnlar o‘qishning qiziqarliroq variantini beradi. NUda hupo krisin deb o‘qiymiz, ya’ni "hukm ostida" yunoncha so‘z o‘rnida ishlatilgan. Biroq ko‘pchilik qo‘lyozmalarda eis ("ichida") hupokrisin ("ikkiyuzlamachilik") ni o‘qiymiz. Agar matnni ko‘chirishda "eis" kichik ko‘makchisi xatolik tufayli tushirib qoldirilgan bo‘lsa, u holda hupokrisin old qo‘shimchasini alohida ko‘makchi sifatida olib, "hukm ostida" talqinini olish tabiiy bo‘ladi. Ikkala ibora ham ushbu mazmuniga mos keladi, shuning uchun Yoqubning butun maktubini diniy ikkiyuzlamachilikdan ogohlantiruv sifatida ko‘rish mumkin.)

XI. IBODAT VA BEMORLARNI SHIFOLASH (5:13−20)

Maktubning yakunlovchi oyatlari mavzusi - ibodat. Bu so‘z ot yoki fe’l shaklida bu yerda yetti marta uchraydi.

5:13 Hayotning har qanday holatida biz Rabbimizga ibodat bilan murojaat qilishimiz kerak. Qiyinchilik paytlarida Unga samimiy iltijo bilan yaqinlashishimiz lozim. Quvonchli damlarimizda esa Unga chin yurakdan hamdu sano aytishimiz kerak. U hayotimizdagi barcha kayfiyat o‘zgarishlarida ishtirok etishni xohlaydi.

Biz hayotimizda sodir bo‘layotgan har bir narsaning asl sababini Xudodan ko‘rishimiz lozim. Biz Rezerford ta’riflagan "tartibsiz aylanma"ning ta’siriga tushib qolmasligimiz kerak. Unda biz o‘zimizni vaziyatlar qurboni deb hisoblashimiz yoki sharoitlarimiz o‘zgarishini kutib o‘tirishimiz mumkin. Biz hamma narsada faqat Uning qo‘lini va boshqa hech narsani ko‘rmasligimiz zarur.

Bu xatning eng bahsli qismlaridan biri va ehtimol, butun Yangi Ahdning ham shunday qismidir. U bizni zamonaviy imondorning hayotidagi shifo muammosi bilan yuzma-yuz qo‘yadi.

Oyatlarni batafsil muhokama qilishdan oldin, kasallik va shifo haqidagi Muqaddas Kitob ta’limotini ko‘rib chiqish foydali bo‘ladi.

ILOHIY SHIFO

1. Masihiylar har qanday kasallik asosan dunyoda gunohning mavjudligi natijasi ekanligini tan olishadi. Agar gunoh bo‘lmaganida, hech qanday kasallik ham bo‘lmas edi.

2. Ba’zan kasallik inson hayotidagi gunohning bevosita natijasidir. 1 Korinfliklarga 11:30 da, Qutlug‘ Kechlik marosimiga qatnashib, hayotlaridagi gunohlariga tavba qilmaganlari va uni tark etmaganlari uchun kasal bo‘lib qolgan korinfliklar haqida o‘qiymiz.

3. Har qanday kasallik ham inson hayotidagi gunohning bevosita natijasi emas. Eng taqvodor odam bo‘lishiga qaramay, Ayub kasal bo‘lib qoldi (Ayub 1:8). Tug‘ma ko‘r hech qanday gunoh qilmagan (Yuhanno 9:2−3). Epafroditning kasalligi Rabbimizning xizmatida tinimsiz mehnat qilishning oqibati edi (Filippiliklar 2:30). Gay ruhan sog‘lom, ammo jismonan nosog‘lom edi (3-Yuhanno 2).

4. Ba’zan kasallik shaytoniy faoliyat natijasidir. Aynan shayton Ayubning tanasini og‘ir teri kasalligi bilan zararladi (Ayub 2:7). Luqo (13:10-17) hikoya qilgan ayolga aynan shayton zarar yetkazgan, uni shunday bukib qo‘yganki, u qaddini rostlay olmagan: "Shu qizni... o‘n sakkiz yildan beri shayton bog‘lab qo‘ygan..." (13:16). Havoriy Pavlusda shayton tufayli jismoniy zaiflik bor edi. U buni shaytonning farishtasi uni tushkunlikka tushirish uchun bergan tanadagi tikan deb atadi (2 Korinfliklar 12:7).

5. Xudo shifolay oladi va shifolaydi. To‘g‘ri ma’noda, har qanday shifo Xudodan keladi. Eski Ahddagi Xudoning ismlaridan biri - Yahova-Rofeqa, ya’ni "Egamiz, sening shifokoring" (Chiqish 15:26). Har bir shifo topishda Xudoning ishtirokini tan olishimiz kerak. Muqaddas Kitobdan bilganimizdek, Xudo shifo berish uchun turli vositalardan foydalanadi. Ba’zida U tabiiy jismoniy jarayonlar orqali shifo beradi. U inson tanasiga sog‘ayish uchun ulkan kuchlar ato etgan. Shifokorlar kasalliklarning aksariyati ertalab eng yaxshi davolanishini bilishadi. Ba’zida Xudo dori-darmonlar bilan davolaydi. Masalan, Pavlus Timo‘tiyga: "...oshqozoning va tez-tez kasal bo‘lib turishing uchun ozgina sharob ichgin", deb maslahat bergan (1 Timo‘tiyga 5:23). Ba’zida U "kasallik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yashirin qo‘rquv, xafalik, o‘zini o‘ylash va aybdorlik tuyg‘usidan xalos bo‘lish" orqali shifo beradi. Ba’zan tabiblar va jarrohlar orqali shifo beradi. Iso bemorlar shifokorga muhtoj ekanligini ochiq uqtirgan (Matto 9:12). Pavlus Luqo haqida "sevikli shifokor" (Kolosaliklar 4:14) deb aytgan va tabiiyki, masihiylar orasida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni tan olgan. Xudo shifokorlarni davolash xizmatida ishlatadi. Mashhur fransuz jarrohi Ambruaz Pare aytganidek: "Jarroh jarohatni bog‘laydi, Xudo uni davolaydi."

6. Ammo Xudo mo‘jizaviy tarzda ham shifo beradi. Injilda bunga misollar ko‘p. Xudo asosan faqat shunday davolaydi, deyish noto‘g‘ri va u hech qachon bunday qilmaydi, deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Muqaddas Kitobda hozirgi kunda Xudoning mo‘jizaviy shifolariga bo‘lgan ishonchimizni susaytiradigan hech narsa yo‘q.

7. Shunga qaramay, biz har doim ham shifo topish uchun Xudoning irodasi mavjud emasligini tushunishimiz kerak. Pavlus kasal Trofimni Miletda qoldirdi (2 Timo‘tiy 4:20). Xudovand Pavlusni uning tanasidagi tikandan qutqarmadi (2 Korinfliklar 12:7-10). Agar Xudoning shifo berish irodasi doimo bo‘lganida, ba’zi odamlar hech qachon qarimas va o‘lmas edilar!

8. Xudo har qanday holatda shifo berishni va’da qilmagan, shuning uchun biz Undan shifoni talab qila olmaymiz. Filippiliklarga 2:27-oyatda shifo haqida da’vo qilishga haqli bo‘lgan narsa emas, balki rahm-shafqat sifatida aytilgan.

9. Umuman olganda, shifo topish najot bilan bog‘liqligi to‘g‘ri, ammo najotdagi barcha barakalar bizga hozirning o‘zidayoq berilmagan. Masalan, Masihning qutqaruv ishiga tanamizning qutqarilishi ham kiradi, lekin biz uni Masih O‘z azizlarini olib kelmaguncha ololmaymiz (Rimliklarga 8:23). Ana shunda biz barcha kasalliklardan batamom va uzil-kesil xalos bo‘lamiz.

10. Agar biz kasallikdan davolana olmasak, bu bizning imonimiz kam yoki yo‘q degani emas. Agar shunday bo‘lganida, kimdir cheksiz uzoq umr ko‘rishi mumkin, deb o‘ylash mumkin edi; lekin hech kim bunday qila olmaydi. Pavlus, Trofim va Gay shifo topmagan bo‘lsa-da, ularning imoni yetuk va samarali edi.

5:14−15 Yoqubning 5-bobiga qaytib, bu joy Muqaddas Kitobning shifo haqidagi butun ta’limotiga qanchalik mos kelishini ko‘ramiz: "Orangizdan biror kishi kasalmi? U jamoat oqsoqollarini chaqirsin. Ular Rabbimiz nomi bilan unga moy surtib, u uchun ibodat qilishsin. Shunda imonli ibodat bemorni sog‘aytiradi va Rabbimiz uni oyoqqa turg‘izadi. Agar u gunoh qilgan bo‘lsa, kechiriladi."

Agar bu shifo haqidagi Muqaddas Kitobdagi yagona oyat bo‘lganida, masihiy yuqorida keltirilgan talablarni bajarsa, hayoti davomida duch kelgan har qanday kasallikdan shifo topishiga ishonch hosil qilardi. Biroq Muqaddas Kitobning boshqa oyatlariga asoslanib, Xudoning shifo berishga bo‘lgan irodasi har doim ham mavjud emasligini aytishimiz mumkin. Shu sababli, Yoqub barcha kasalliklar haqida emas, balki ayrimlari, ya’ni muayyan vaziyatlar natijasida boshimizga tushgan kasalliklar haqida gapiryapti, degan xulosaga kelishimiz kerak. Ushbu oyatlarni tushunishning kaliti: "Agar u gunoh qilgan bo‘lsa, kechiriladi," degan so‘zlarda yotadi. Bu holatda shifo gunohlarni kechirish bilan bog‘liq.

Bu yerda qandaydir gunoh qilgan odam tasvirlangan va, ehtimol, mahalliy jamoat bu haqda bilgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u kasallikka chalingan. U bu kasallik o‘zi qilgan gunohning bevosita natijasi ekanligini tushunadi. Xudo uni O‘zi bilan munosabatga qaytish imkoniyatini berish uchun jazolagan. Inson o‘z gunohidan tavba qilib, Xudoga iqror bo‘ladi. Ammo jamoat ham gunohdan xabardor bo‘lgani uchun, u oqsoqollarni chaqiradi va ularga qilgan ishi haqida iqror bo‘ladi. Ular Rabbimiz nomi bilan unga moy surtib, ibodat qilishadi.

Bunday imonli ibodat bemorni qutqaradi va Rabbimiz uni sog‘aytiradi. Bu bilan Rabbimiz bizga aniq va’da bermoqda: qayerda kasallik bevosita gunohning natijasi bo‘lsa va bu yerda tasvirlanganidek, bu gunohni tan olib, uni tark etsalar, Rabbimiz shifo beradi.

Kimdir e’tiroz bildiradi: "Kishi gunoh qilganini va bu holatda u tavba qilib, gunohini tan olganini qayerdan bilasiz?" Javob 15-oyatning oxirgi qismida bo‘lib, unda uning gunohlari kechirilganligi aytilgan. Biz esa gunohlar faqat iqror bo‘lish natijasida kechirilishini bilamiz (1 Yuhanno 1:9).

Yana kimdir e’tiroz bildiradi: "Bu yerda uning gunoh qilganligi aytilmagan. Bu yerda ’agar u gunoh qilgan bo‘lsa’ deyilgan." To‘g‘ri, lekin butun matn gunohni tan olish va gunohga botganni qayta tiklashdan dalolat beradi. Keyingi oyatga e’tibor bering: "Gunohlaringizni bir-biringizga e’tirof eting va bir-biringiz uchun ibodat qilingki, shifo topasizlar". 17-18-oyatlarda tilga olingan qurg‘oqchilik Isroilning gunohlari uchun Xudoning jazosi edi. Xalq Rabbimizga yuzlanib, Uni haqiqiy Xudo deb tan olgandan so‘ng, u to‘xtadi (3 Shohlar 18:39). Ko‘rib turganimizdek, 19-20-oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, gap gunohkorni qayta tiklash haqida ketmoqda.

Yoqub 5:13-20 ning umumiy ma’nosi shuni anglatadiki, Xudo gunoh tufayli kasal bo‘lgan va oqsoqollar oldida gunohini tan olgan odamga shifo berishni va’da qiladi. Oqsoqollarning vazifasi unga moy surtib ibodat qilishdir.

Ba’zilar moy deganda dori-darmonlardan foydalanishni nazarda tutadi, deb hisoblashadi, chunki Yoqub o‘z maktubini yozgan paytlarda moy dori vositasi bo‘lgan (Luqo 10:34). Boshqa bir nuqtai nazar moyni marosimlarda qo‘llashni yoqlaydi. U "Rabbimiz nomi bilan" iborasi bilan mustahkamlangan. Boshqacha qilib aytganda, moylanishlar Uning hokimiyati ostida va Uning So‘ziga bo‘ysungan holda amalga oshirilishi kerak edi. Havoriylar ba’zan mo‘jizaviy shifo berishda moydan foydalanishgan (Mark 6:13).

Moy shifobaxsh kuchga ega emas edi, lekin u Muqaddas Ruhning shifobaxsh xizmatidagi ramzi edi (1 Korinfliklarga 12:9).

Kimdir eleyni marosimlarda ishlatish inoyat davriga zid keladi, chunki u marosim va rasm-rusumlardan voz kechishni nazarda tutadi, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Ammo biz non va sharobni Masihning tanasi va qonining ramzi sifatida, suvni esa cho‘mdirilish paytida ishlatamiz. Yig‘ilishda ayollar boshlarini yopib o‘tirishadi. Bu liboslar ularning eriga bo‘ysunishini bildiradi.

Xo‘sh, nega biz marosimlarda yeley ishlatishga qarshi chiqishimiz kerak?

Iymon duosiga javoban Xudo odamni shifolaydi. Bu imonli ibodat Xudoning Kalomidagi va’daga asoslangan. Gap keksalarda yoki bemorning o‘zida iymon yetarli yoki yetarli emasligida emas. Oqsoqollar to‘la ishonch bilan ibodat qilishlari mumkin, chunki Xudo barcha ko‘rsatilgan shartlar to‘liq bajarilsa, insonni sog‘aytirishni va’da qilgan.

Xulosa qilib aytganda, 14−15-oyatlar insonning biror gunoh tufayli kasal bo‘lib qolishi holatiga taalluqli, deb hisoblaymiz. Buni tushunib, tavba qilgach, u jamoat oqsoqollarini chaqirib, hamma narsani ular oldida e’tirof etishi lozim. So‘ngra ular uning ustiga Rabbimiz nomi bilan yeley surtib, ibodat qilishlari kerak. Ular imon bilan uning sog‘ayishi uchun ibodat qilishlari mumkin, chunki Xudo bunday odamga shifo berishni va’da qilgan.

5:16 Bir-biringizga gunohlaringizni tan oling va shifo topishingiz uchun bir-biringiz uchun ibodat qiling. (NU matnida: "Shuning uchun gunohlaringizni e’tirof eting", deb o‘qiymiz.) Bu ko‘rsatmani yuzaki o‘qiganda, barcha yashirin gunohlarimiz haqida boshqalarga aytishimiz kerakdek tuyulishi mumkin. Lekin bu yerda butunlay boshqa fikr bor! Eng avvalo, Yoqub shuni nazarda tutadiki, kimgadir qarshi gunoh qilganimizda, darhol o‘sha odamga gunohimizni tan olishimiz kerak.

Shuningdek, bir-birimiz uchun ibodat qilishimiz lozim. Xafagarchilik va adovat hissi ustimizdan hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ymasdan, e’tirof va ibodat orqali boshqalar bilan birodarlik hissini saqlab qolishimiz kerak.

Jismoniy shifo ruhiy tiklanish bilan bog‘liq. E’tibor bering, Yoqub e’tirof, ibodat va shifolanishni birlashtirgan. Bu jismoniy va ma’naviy o‘rtasidagi muhim aloqaga aniq ishoradir. Inson uch qismli mavjudot bo‘lib, ruh, jon va tanadan iborat (1 Salonikaliklarga 5:23). Bir qismga ta’sir ko‘rsatish yoki uni jarohatlamoq – hammasi ta’sirlanishi yoki jarohatlantirishi demakdir. Eski Ahd davrida ruhoniy ayni paytda shifokor ham bo‘lgan. Aynan u moxovga tashxis qo‘ygan va davolanganini e’lon qilgan. Shunday qilib, ruhoniy va shifokor xizmatini bir kishida birlashtirish orqali Rabbimiz ruh va tana o‘rtasidagi yaqin aloqani ko‘rsatgan.

Psixosomatik tibbiyot sohasi bu aloqani tan oladi va jismoniy kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsiy muammolarni o‘rganadi. Ammo zamonaviy tibbiyotda gunohdan xalos bo‘lishning chorasi yo‘q. Gunoh aybidan, iflosligidan, hukmronligidan va jazosidan qutulish faqat Masihning qoni, Xudo va odamlar oldidagi tavba orqaligina kelishi mumkin. Ko‘pincha e’tirof etishni istaganimizdan ko‘ra, kasalliklar ochko‘zlik, tashvish, jahllanish, kechirmaslik ruhi, nafsni tiya olmaslik, hasad, xudbinlik va kibr kabi gunohlar tufayli yuzaga keladi.

Hayotdagi gunoh kasallik va ba’zan o‘limga olib keladi (1 Korinfliklarga 11:30). Gunoh hayotimizga kirib kelganini anglashimiz bilanoq uni e’tirof etishimiz va undan voz kechishimiz kerak. Barcha gunohlar Xudo oldida e’tirof etilishi lozim. Bundan tashqari, boshqa insonlarga qarshi qilgan gunohlarimizni ularning oldida ham e’tirof etishimiz kerak. Bu ma’naviy va jismoniy salomatligimiz uchun juda muhimdir.

5:16−18 "Solih kishining g‘ayratli ibodati ko‘p kuchga ega. Ilyos ham bizga o‘xshagan bir odam edi. U yomg‘ir yog‘masin, deb chin dildan ibodat qildi. Uch yil-u olti oy davomida yerga yomg‘ir yog‘madi. So‘ng yana ibodat qildi: osmon yomg‘ir yog‘dirdi, yer o‘z hosilini berdi."

Bu voqea 3 Shohlar 17:1 - 19:10 da yozilgan. O‘sha paytda Axab Isroilning shohi edi. U xotini Izabelga bo‘ysunib, Baalga sig‘ina boshladi va xalq orasida butparastlikning bu jirkanch shaklini yoydi. "...Va undan oldin o‘tgan barcha Isroil shohlaridan ko‘ra, Axab Isroil Xudosi Egamizning g‘azabini qo‘zg‘atadigan ishlarni qildi" (3 Shohlar 16:33). Isroilda uch yarim yil davom etgan qurg‘oqchilik bevosita gunohning oqibati edi.

Shunda Karmil tog‘ida Ilyos va Baal payg‘ambarlari o‘rtasida mashhur musobaqa bo‘lib o‘tdi. Xudo olov yuborib, qurbonlikni, o‘tinni, toshlarni, tuproqni va suvni yutib yuborgach, odamlar ishonch hosil qilib, yana Xudoga yuz tutdilar. Ilyos yana ibodat qilgach, qurg‘oqchilik barham topdi. Ilyosning misoli bizga dalda beradi, toki Xudo bilan muloqotdan uzoqlashib ketgan gunohkorlar uchun ibodat qilaylik. Solih kishining g‘ayratli ibodati ko‘p narsaga qodir, yoki kimdir aytganidek: "Xudo oldida qalbi pok insonning ibodati mo‘jizalar yaratadi." Ilyosni bizdan bir pog‘ona yuqori deb o‘ylamasligimiz uchun, Yoqub Ilyos ham bizga o‘xshagan oddiy inson bo‘lganini eslatadi. U boshqa odamlar singari zaifliklar va ojizliklarga moyil edi.

5:19−20 Avvalgi oyatlarda biz Xudo gunohkor avliyoni tiklash uchun cherkov oqsoqollaridan qanday foydalanganini ko‘rdik. Shuningdek, Ilyosning gunohkor xalqni (qisman va vaqtinchalik) tiklashda ishlatilganini kuzatdik. Endi bu mas’uliyatli xizmatga o‘zimizni bag‘ishlash uchun da’vat bizga yo‘naltirilgan.

19 - oyatda imonida yoki xatti - harakatlarida adashgan birodaru opa - singil tasvirlangan. Boshqa birodaru opa - singillarimiz astoydil va e’tiqod ila ibodat qilib, uni sevgi ila Xudo va Masihdagi imondoshlari bilan muloqot qilishga qaytarishadi. Bu xizmatning ahamiyati naqadar katta! Avvalambor, u gunohkor birodarini Xudoning jazolovchi qo‘lidan bevaqt o‘limdan qutqaradi. Qolaversa, ko‘plab gunohlarni ham yopadi. Ular Xudo tomonidan kechiriladi va unutiladi. Shuningdek, ular mo‘minlar tomonidan kechiriladi va atrofdagi dunyoning sinchkov nigohidan yashiriladi. Bugungi kunda bu xizmat naqadar zarur! O‘layotganlarga xushxabarni g‘ayrat ila yetkazayotganimizda, suruvdan ortda qolgan Masihning qo‘ylariga yetarlicha e’tibor bermayotgan bo‘lishimiz mumkin.

Yoqub yana bir bor xristianlik hayotining turli sohalariga to‘xtalib, vijdonimizga murojaat qilmoqda. U bizdan, masalan, shunday deb so‘raydi: siz yer yuzidagi xazinalarni yig‘asizmi? Sizning ish yuritish usullaringizni o‘ta halol deb atash mumkinmi? Masalan, foyda solig‘ini to‘lash? Siz hashamatli hayot kechiryapsizmi yoki boshqalar kelib, Xaloskorni tanib olishi uchun qurbonlik qilyapsizmi? Birovning oldida gunoh qilib qo‘ysangiz, uning oldiga borib kechirim so‘rashga shoshilasizmi? Agar kasal bo‘lsangiz, birinchi navbatda kimga murojaat qilasiz - shifokorgami yoki Parvardigorgami? Birodaringiz gunohga qo‘l urganini ko‘rib, uni qoralaysizmi yoki uni qayta tiklashga harakat qilasizmi?

Shunday qilib, biz ushbu amaliy qisqa xabarni o‘rganishni yakunlaymiz. Unda imon sinovini ko‘rdik. Hayotiy qiyinchiliklar, vasvasalar va Xudoning Kalomiga bo‘ysunish imonimizni sinovdan o‘tkazganini ko‘rdik. E’tiqodim borligini aytgan odamga yuzaki yoki oliftagarchilikdan qochib, uni ko‘rsatish va yaxshi amallar bilan tasdiqlash taklif qilindi. Haqiqiy e’tiqod kishining nutqida namoyon bo‘ladi, dindor o‘z tilini Masihning hukmronligiga bo‘ysundirishni o‘rganadi. Haqiqiy e’tiqod haqiqiy donolik bilan birga keladi, hasad va adovatga to‘la hayot haqiqiy taqvodor hayotga aylanadi.

Iymon hirs va dunyoga hirs qo‘yish oqibatida yuzaga keladigan adovat, nizo va hasaddan yiroq bo‘ladi. U keskin, tanqidiy ruhdan qochadi. U Xudoni hayot rejalaridan tashqarida qoldiradigan o‘ziga bo‘lgan ishonchdan qochadi.

Ishonch, boshqa narsalar qatori, pul topish va sarflashda sinovdan o‘tadi. U, jabr - zulmlarga qaramay, Rabbimiz kelguncha sabr - bardoshli bo‘ladi. Uning so‘zlari hamisha to‘g‘ri va hech qanday qasamxo‘rlikka muhtoj emas. E’tiqod hayotiy kayfiyatlarning barcha o‘zgarishlarida Xudoga murojaat qiladi. U kasallikdan avvalo ma’naviy sabablarni qidiradi. U Xudo va unga yomonlik qilganlar oldida iqror bo‘lib, bu mumkin bo‘lgan sabablarni bartaraf etadi. Va nihoyat, e’tiqod qoqilib, gunohga botganlarga mehr-muhabbat ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi.

Sizning va mening e’tiqodimiz har kuni sinovdan o‘tadi. Hakamning hukmi qanday?