I. MO‘MINNING IMTIYOZLARI VA BURCHLARI (1:1 - 2:10)
A. Salomlashish (1:1-2)
1:1 Muallif o‘zini Iso Masihning havoriysi Butrus deb tanishtiradi. O‘n ikki shogirdning biri sifatida u Rabbimiz Isodan ulug‘ o‘zgartiruv xabarini e’lon qilish vazifasini olgan. Ilohiy da’vatga darhol javob berib, u "odamlarni ovlovchi" bo‘ldi.
Barcha imonlilar yer yuzida Masihning manfaatlarini ifodalashga chaqirilgan. Barchamiz uyda yoki chet elda bo‘lishimizdan qat’i nazar, xabarchi bo‘lishimiz shart. Biz, Isoning izdoshlari uchun, bu hayotning asosiy maqsadidir, qolgan hamma narsa ikkinchi darajali hisoblanadi.
Maktub Pont, Galatiya, Kappadokiya, Osiyo va Vifiniyada tarqalgan kelgindilarga yoki musofirlikda yashayotganlarga yo‘naltirilgan. Bu musofirlar kimlar edi?
Butrus "tarqoq" so‘zini ishlatgani tufayli ularni imonli yahudiylar deb o‘ylashimiz mumkin, chunki Yoqub ham Isroilning o‘n ikki qabilasidan bo‘lgan imonlilarga murojaat qilganda xuddi shu so‘zni qo‘llagan (Yoqub 1:1). Shuningdek, Yuhannoda (7:35) bu so‘z g‘ayriyahudiylar orasida tarqalgan yahudiylarni tasvirlaydi. Ammo Butrusning ta’qiblar tufayli atrofdagi xalqlar orasida tarqalib ketgan imonli g‘ayriyahudiylarga yozgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Shu bilan birga, u ilgari Xudoning xalqi deb atalgan ko‘plab nomlarni olib, ularni yangi Xudo jamoasi - Jamoatga qo‘llaydi. Ularni "tanlanganlar" (1:2), "saralangan nasl", "shohona ruhoniylar", "muqaddas xalq", "Xudoning xos xalqi" (2:9) deb ataydi. Uning imonli g‘ayriyahudiylarga yozganini ko‘rsatuvchi yana uchta omil bor. U ota-bobolaridan meros qolgan behuda hayot haqida gapiradi (1:14-18). U ularni o‘tmishda Xudoning xalqi bo‘lmaganlar deb ta’riflaydi (2:10). Va nihoyat, 4:3-oyatda u o‘tgan vaqtda ular butparastlar kabi yashaganliklarini aytadi. Shunday qilib, Butrus yozgan diaspora yoki tarqoqlik asosan imonli g‘ayriyahudiylardan tashkil topgan masihiy jamoat, deb hisoblash uchun kuchli asosga egamiz. Butrus asosan yahudiylarning havoriysi bo‘lgani, uning g‘ayriyahudiylarga xizmat qilganini istisno etmaydi. Albatta, g‘ayriyahudiylarning havoriysi Pavlus ham vaqtini yahudiylarga xizmat qilishga sarflagan.
1:2 Maktub qabul qiluvchilari uchun bu yerda ularning najotining to‘rt bosqichi ko‘rsatilgan bo‘lib, ular Uchlikning uchala Shaxsini o‘z ichiga oladi.
Avvalo, ular Ota Xudoning azaliy bilimi bo‘yicha tanlanganlar. Bu shuni anglatadiki, azaldan Xudo ularni O‘ziga tegishli bo‘lishlari uchun tanlagan. Ilohiy tanlov ta’limoti har doim ham mashhur emas, ammo uning afzalligi shundaki, u Xudoga Xudo bo‘lishiga imkon beradi. Uni insonlar uchun maqbul qilishga urinish Xudoning hukmronligini kamsitishdan boshqa narsa emas. Xudoning tanlovi va insoniy mas’uliyatni uyg‘unlashtirishdagi har qanday qiyinchilik Xudoning emas, balki insonning ongida yotadi. Muqaddas Kitob har ikkala ta’limotni o‘rgatadi va biz ikkalasiga ham ishonishimiz kerak. Haqiqat ularning o‘rtasida emas, balki ikkala chekkasida joylashgan.
Xudoning tanlovi Uning azaliy bilimiga asoslangan, deyilgan. (Injilning inglizcha tarjimasida: "Ota Xudoning azaliy bilimiga muvofiq tanlanganlar" deyilgan.) Ba’zilar buni Xudo O‘zining bashoratiga ko‘ra Xaloskorga ishonadiganlarni tanlagan deb tushunishadi. Boshqalarning aytishicha, Xudo o‘z holiga tashlab qo‘yilgan hech bir gunohkor Xaloskorni imon bilan qabul qilmasligini juda yaxshi bilar edi va shuning uchun O‘zining azaliy bilimida ba’zi odamlarni O‘z inoyatining mukofoti sifatida tanladi. Garchi Xudoning tanlovida so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan sir yashiringan bo‘lsa-da, unda hech qanday adolatsizlik yo‘qligiga amin bo‘lishimiz mumkin.
Najotning ikkinchi bosqichi - Ruhning muqaddaslashtirishidir. Muqaddaslashtirishning bu tomoni imon keltirishdan oldin sodir bo‘ladi. (Muqaddaslashtirishning boshqa shakllari ham bor, ular keyinroq keladi. Yuqoridan tug‘ilgan odam mavqeiga ko‘ra muqaddas bo‘ladi, chunki u "Masihda"dir (Ibr 10:10,14). Keyinchalik, u o‘z masihiy hayotida amaliy muqaddaslikka erishishi, ya’ni Masihga tobora o‘xshab borishi kerak (1Butrus 1:15). Osmonda u to‘liq muqaddaslikka erishadi, chunki u endi hech qachon gunoh qilmaydi (Kol 1:22). Ibroniylarga 2:11-oyatdagi muqaddaslashtirish haqidagi izohga qarang.) Aynan Muqaddas Ruhning xizmati orqali Xudo odamlarni O‘ziga tegishli bo‘lishlari uchun ajratdi (shuningdek, 2Salonikaliklarga 2:13-ga qarang).
U mantiqan Ota Xudoning tanlovidan keyin keladi. Azaldan Xudo odamlarni oldindan bilgan va tanlagan. Kerakli paytda Muqaddas Ruh alohida insonlarning hayotiga ta’sir qila boshlaydi va bu tanlovni haqiqatga aylantiradi.
Ruhni qutqarishning uchinchi bosqichi gunohkorning Muqaddas Ruhning ishiga javobidir. Bu Iso Masihga itoatkorlik sifatida tavsiflanadi. Bu gunohlardan tavba qilib, Masihni Xaloskor sifatida qabul qilib, Injilga itoat etishni anglatadi. Injilning g‘oyasi unga bo‘ysunishdan iborat; bu barcha Yangi Ahd kitoblari uchun umumiydir (Rimliklarga 2:8; 2Salonikaliklarga 1:8 ga qarang).
Va nihoyat, Uning qoni bilan sepilish. Buni so‘zma-so‘z tushunib, qutqarilgan odam haqiqatan ham Isoning qoni bilan yuviladi deb aytmasligimiz kerak. Bu majoziy ifoda. Ya’ni, inson Xushxabarga bo‘ysunishi bilanoq, Golgofada to‘kilgan Masihning qonidan kelib chiqadigan barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi. Najotkorning qoni 1900 yildan ortiq vaqt oldin bir marta va abadiy to‘kilgan; u hech qachon qayta to‘kilmaydi. Ammo biz Unga ishonishimiz bilan bu to‘q qizil oqimdan keladigan kechirim, najot va boshqa beqiyos barakalarni qo‘lga kiritamiz.
O‘z o‘quvchilarining ruhiy tug‘ilishidagi to‘rt bosqichni ko‘rsatib o‘tgan Butrus endi ular uchun inoyat va tinchlik ko‘payishini istaydi. Ular allaqachon Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lib, najot topgan va Xudo bilan yarashgan. Ammo kundan-kunga ular masihiycha hayot va notinch jamiyat o‘rtasida yashash uchun inoyatga yoki kuchga muhtoj bo‘ladilar. Havoriy aynan shu narsalar ularga mo‘l-ko‘l bo‘lishini istaydi. Jeyms Denni shunday degan: "Inoyat - Injilning birinchi va oxirgi so‘zi, tinchlik esa - mukammal ruhiy salomatlik - inoyatning to‘liq namoyon bo‘lishidir".
B. Masihiyning mo‘min sifatidagi mavqei (1:3−12)
1:3 3−12-oyatlarda Butrus najotimiz ulug‘vorligining o‘ziga xosligini tasvirlaydi. U najot Muallifini - Rabbimiz Iso Masihning Xudosi va Otasini madh etishga da’vat bilan boshlaydi. Bu nom Xudoning Rabbimiz Iso bilan bo‘lgan ikki tomonlama munosabatini ifodalaydi. "Rabbimiz Iso Masihning Xudosi" degan nom Xaloskorning insoniy tabiatini ta’kidlaydi. "Ota" nomi esa Xudoning O‘g‘lining ilohiy tabiatini ta’kidlaydi. Bu yerda O‘g‘ilning to‘liq nomi berilgan:
Rabbimiz - qalblar va hayotlar ustidan mutlaq hukmronlik qilish huquqiga ega bo‘lgan Zot.
Iso - O‘z xalqini gunohlardan qutqaruvchi.
Masih - Xudoning moy surtilgan bandasi, osmonda hamma narsadan ulug‘langan Zot.
Xudoning buyuk marhamati tufayli biz Iso Masihning o‘likdan tirilishi orqali tirik umidga qayta tug‘ildik. Bu najotning manbai Xudodir. Uning buyuk marhamati sababdir. Yuqoridan tug‘ilish uning mohiyatidir. Tirik umid - berilgan mukofotdir. Iso Masihning tirilishi najotimizning qonuniy asosi va tirik umidimizning negizi bo‘lib xizmat qiladi.
Gunohkorlar sifatida biz qabr ortidagi hayotdan butunlay umidsiz edik. Oldimizda hukm va alangali g‘azabdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Birinchi yaratilishning a’zolari sifatida biz o‘limga mahkum etilgan edik. Ammo Masihning qutqaruvchi ishi orqali Xudo adolatli asosni topdi, bu esa Unga fosiq gunohkorlarni qutqarish va ayni paytda O‘zi adolatli bo‘lib qolish imkonini berdi.
Masih gunohlarimizni yuvdi. U ular uchun to‘liq to‘lov to‘ladi. Adolat talablari bajarildi va endi Injilga itoat etganlarga inoyat yog‘ilishi mumkin. Masihni tiriltirish orqali Xudo O‘z O‘g‘lining qurbonlik xizmatidan to‘la mamnun ekanligini tasdiqladi. Tirilish Otaning "Omin" so‘zi va Rabbimizning "Bajo bo‘ldi!" degan nidosi bilan tasdiqlanadi. Bu tirilish, shuningdek, Masihda vafot etganlarning barchasi tirilishining kafili bo‘lib xizmat qiladi. Bizning tirik umidimiz - osmondagi uyimizga qabul qilinishimiz, u yerda Masih bilan birga bo‘lishimiz va abadiy Unga o‘xshab qolishimizdir. F. B. Meyer tirik umidni "hozirgi kunimiz va kelajagimiz o‘rtasidagi bog‘lovchi" deb ataydi.
1:4 4−5-oyatlar najotning kelajakdagi jihatini tasvirlaydi. Yuqoridan tug‘ilish orqali, biz osmondagi merosga qat’iy umid qilishimiz mumkin. Merosga imonli kishi osmonda abadiy lazzatlanadigan barcha narsalar kiradi va bularning barchasi Masih orqali unga tegishli bo‘ladi (Zabur 16:5). Meros chirimas, sof va so‘lmas bo‘ladi. (1) Chirimas — u hech qachon zanglamaydi, yemirilmaydi yoki o‘g‘irlanmaydi. U o‘limga bo‘ysunmaydi. (2) Sof — meros mukammal holatda bo‘ladi. Uning pokligiga biror nuqson yoki dog‘ tushishi mumkin emas. U gunohga bo‘ysunmaydi. (3) So‘lmas — uning qiymati, shon-shuhrati yoki go‘zalligi hech qachon o‘zgarmaydi. U vaqtga bo‘ysunmaydi.
Yerdagi meros, eng yaxshi holda ham, ishonchsizdir. Ba’zida bozordagi narxlarning tushishi tufayli mulkning qiymati keskin pasayadi. Ba’zan vasiyatnomalar unda tilga olinmagan shaxslar tomonidan muvaffaqiyatli nizolashtiriladi. Ba’zida odamlar huquqiy rasmiyatchiliklar tufayli merosdan mahrum bo‘ladilar.
Ammo Ilohiy meros zamonning hech qanday o‘zgarishiga uchramaydi va mo‘minni undan mahrum qiladigan tuynuklar yo‘q. U Xudo farzandlari uchun samodagi xavfsiz omborda saqlanadi.
1:5 Nafaqat meros xristianlar uchun saqlanadi, balki ularning o‘zlari ham u uchun saqlanadi. Bu hayotda merosxo‘r meros taqsimlanishidan oldin vafot etishi mumkin. Ammo samoviy merosni saqlaydigan o‘sha inoyat, bizni undan bahramand bo‘lish uchun merosxo‘rlar sifatida saqlaydi. Xudo tanlagan odamlar hech qachon umidsizlikka tushmaydilar. Dunyo yaratilishidan oldin tanlanganlar, bizning davrimizda qutqarilgan va kelajakdagi abadiylik uchun saqlanganlar. Masihga ishonuvchilar abadiy xavfsizlikdadirlar.
Ammo abadiy xavfsizlikning insoniy va ilohiy tomonlari bor. Biz ilohiy tomon bo‘lgan Xudoning qudrati bilan najotga erishamiz, lekin faqat inson tomonini ifodalovchi imon orqali. Bu inson faqat imon qilsagina qutqariladi, degani emas. Haqiqiy imon bor joyda o‘zgarmaslik ham bo‘ladi. Najotbaxsh imonga doimo sobitlik xosdir.
Xudoning farzandi oxirgi zamonda ochilishga tayyor bo‘lgan najotga Xudoning qudrati bilan saqlanadi. Bu kelajakdagi najotga tegishli. Ko‘pincha uchta najot vaqti borligi ta’kidlanadi.
(1) Masihiy birinchi marta Xaloskorga ishonganida, gunoh aybidan xalos bo‘ladi (Efes 2:8). (2) U har kuni gunoh hukmronligidan xalos bo‘ladi, chunki Najotkorga o‘z hayotida harakat qilish imkonini beradi (Rim 5:10). (3) U osmonga ko‘tarilganda, gunohdan xalos bo‘ladi (Ibr 9:28). Uning tanasi o‘zgaradi va ulug‘lanadi hamda gunohdan, kasalliklardan va o‘limdan abadiy ozod bo‘ladi. Bu kelajakdagi najot davri, shuningdek, avliyolarning Masih bilan birga yer yuziga qaytib, Xudoning farzandlari ekanliklarini yaqqol ko‘radigan voqeani o‘z ichiga oladi (1 Yuhanno 3:2).
1:6 Jismni qutqarilishi va shonli merosga umid qilish tufayli, imonlilar qayg‘ular orasida ham quvonishlari mumkin. Butrus murojaat qilgan masihiylar Masih haqidagi guvohliklari uchun quvg‘inga uchragan edilar.
Butrus ularga masihiylikning ajoyib paradokslaridan biri — qayg‘u o‘rtasidagi quvonchni eslatadi. Bir tomondan, ular qutqarilganlar uchun saqlanib qolgan meros istiqbolidan quvonishlari mumkin. Boshqa tomondan, ular ozgina qayg‘urishlari, ammo shon-shuhrat abadiy bo‘lishini bilishdan quvonch topishlari mumkin (2 Kor 4:17ga qarang). Ko‘plab sinovlar tufayli yuzaga kelgan qayg‘u o‘rtasidagi quvonch haqidagi so‘zlarni izohlab, J. X. Jovett shunday deb yozgan edi: "Men hech qachon bunday umidsiz yo‘qotishlar sahrosida buloq topishni kutmagan edim."
1:7 Azob chekayotgan aziz-avliyolar o‘z azob-uqubatlari behuda yoki samarasiz emasligini bilib, tasalli topadilar. Zolimlarning azoblari jahannam azobining muqaddimasidir, xolos. Ular unda abadiy qolurlar. Lekin xristian uchun bu xavf yo‘q. Xudoning farzandlari hayotida qayg‘u ko‘plab foydali maqsadlarni ko‘zlaydi, ulardan biri - ularning e’tiqodining haqiqiyligini sinashdir. Butrus e’tiqodimizni oltinga qiyoslaydi. Insonga ma’lum bo‘lgan barcha moddalar ichida oltin eng barqarorlaridan biridir. Uni kuchli qizdirish mumkin va u buzilmas bo‘lib ko‘rinadi. Ammo haqiqat shuki, oltin ishlatilganda, bosim ostida va olovda yo‘q bo‘ladi. Haqiqiy e’tiqod esa buzilmasdir. Mo‘min kishi og‘ir kechinmalar, sinovlardan o‘tishi mumkin, lekin bular uning imonini sindirmaydi, aksincha, uni mustahkamlaydi. Ehtimol, butun dunyo tarixida hech kim boshidan kechirmagan og‘ir yo‘qotishlar Ayubning boshiga tushgan bo‘lsa-da, u shunday degan: "Mana, U meni o‘ldiryapti, lekin men umid qilaman" (Ayub 13:15). Bobil o‘chog‘idagi uchta yigit tom ma’noda olov bilan sinaldi. Olov ularning e’tiqodining haqiqiyligini isbotladi. U ularni bog‘lab turgan arqonlarni ham yo‘q qildi va ular kishanlardan ozod bo‘ldilar (Dan 3:12−30). Ular olov bilan sinalgan paytda, "Xudoning O‘g‘liga o‘xshagan" zot bilan birga bo‘lishdi. Imonning haqiqiyligi faqat olov bilan sinalishi mumkin. Vaziyat qulay bo‘lsa, xristian bo‘lish oson. Ammo Masihni ommaviy tan olish ta’qib va azob-uqubatlarga olib kelganda, tasodifiy izdoshlar chetga chiqib, olomon orasida yo‘qolib qoladilar. Hech narsaga arzimaydigan din hech narsaga arzimaydi. Biror narsani qurbon qilishdan bosh tortadigan e’tiqod samimiy emas. Yoqub bunday e’tiqodni so‘zda qoralaydi.
Haqiqiy e’tiqod Iso Masihning zohir bo‘lishida maqtov, shon-sharaf va ulug‘likka olib keladi. Ya’ni, sinovlarga bardosh bergan har bir mo‘minni Xudo mukofotlaydi. Qiyinchiliklar qurshovida bo‘lsa-da, xursand bo‘lganlarni U maqtaydi. Sinovlar va azob-uqubatlarga duchor bo‘lgan, ammo barcha musibatlarni Xudoning ularga bo‘lgan ishonchi ifodasi sifatida qabul qila olgan mo‘minlarni U sharaflaydi va ulug‘laydi. Iso Masih Shohlar Shohi va Hukmdorlar Egasi sifatida yer yuziga qaytib kelishini hamma o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va dunyo rad etganlarning hammasi Xudoning o‘g‘illari ekanliklarini aniq ko‘radilar.
Muqaddas Yozuvlardan bilamizki, mukofotlar osmondagi Masihning hukmidan keyin e’lon qilinadi. Ammo bu mukofotlar, Masihning ikkinchi marta kelishi paytida oshkora bo‘ladi.
1:8 Endi Butrus najotimizning hozirgi quvonchi - imon bilan qabul qilingan Masih haqida gapiryapti. Garchi biz Uni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmagan bo‘lsak-da, Uni sevamiz. (Yunon qo‘lyozmalarining aksariyatida "ko‘rgan" (idontes) o‘rniga "bilgan" (eidotes) deb o‘qiymiz. Mohiyat deyarli bir xil: ular Iso bilan yer yuzida shaxsan tanish bo‘lmaganlar.) Shu paytgacha ko‘rmagan bo‘lsak-da, Unga imon keltiramiz. Aynan shu yo‘l bilan biz Iso Foma bilan bo‘lgan suhbatida aytganidek, baxtga erishamiz: "...ko‘rmaganlar va imon keltirganlar baxtlidirlar" (Yuhanno 20:29).
Uilyam Linkoln shunday yozadi:
"Odamlar sevgi haqida ko‘p gapirishadi, ammo Xudoga va Masihga bo‘lgan chinakam, sinalgan sevgi quyidagilarni aytishga imkon beradi: ’Xudoning himoyasi va qo‘llab-quvvatlashini yo‘qotmaslik uchun Uni ranjitishdan ko‘ra, azob chekishni afzal ko‘raman’. Muhabbat muhabbatsiz dunyoda yuksak ijtimoiy mavqe va mashhurlikdan ko‘ra, nonning po‘stlog‘i va Xudoning roziligi bilan qanoatlanishni afzal ko‘radi. Bunday sinovlardan Xudoning barcha haqiqiy farzandlari o‘tadi; sinovlar donni puchdan ajratadi. Olovda sinash va shlaklardan tozalash oltinni sof holda olish imkonini beradi." (William Lincoln, Lectures on the First and Second Epistles of Peter, p. 21.)
Unga ishonib, tasvirlab bo‘lmas va ulug‘ quvonchga to‘lamiz. U bilan birga bo‘lish har qanday pok quvonch manbai bilan uzluksiz, abadiy aloqada bo‘lishni anglatadi. Masihiyning quvonchi yer yuzidagi sharoitlarga emas, balki Xudoning o‘ng tomonida o‘tirgan tirilgan, ulug‘langan Masihga bog‘liq. Bundan buyon avliyoni quvonchdan mahrum qilish mumkin emas, chunki Masihni uning shon-sharafli joyidan ko‘chirib bo‘lmaydi. Unisi ham, bunisi ham o‘zaro bog‘liq.
1:9 Keyin Butrus imonning hozirgi vaqtdagi natijasi - jonlarning qutqarilishini ko‘rib chiqadi. Jasadning xalos bo‘lishi hali kelajakda; bu Masih O‘z avliyolarini olib ketish uchun kelganida sodir bo‘ladi. Ammo Masihga ishonch bilan suyanishimiz bilan ruhimiz najot topadi.
Jon so‘zi bu yerda insonning jismini emas, uning nomoddiy tomonini, shaxsini nazarda tutadi. Aynan jon o‘limdan keyin tanadan ajraladi. Bu o‘rinda u Xudoni tanib-bilishimizga yordam beradigan ruhni o‘z ichiga oladi. Jon qayta tug‘ilish lahzasida najot topadi.
1:10 Bu najot ko‘plab Eski Ahd payg‘ambarlarining mavzusi bo‘lgan. Xudoning qadimgi xabarchilari biz noloyiq marhamatga ega bo‘lishimizni bashorat qilishgan. Ammo ular nima haqida yozganlarini oxirigacha tushunishmagan (Dan 12:8 ga qarang).
1:11 Ular quyidagilarni aniq tushunishmagan: 1) Masih sifatida keladigan Shaxs kim; 2) Uning paydo bo‘lish vaqti. Xudoning Ruhi bilan ilhomlangan holda, ular Masihning azob-uqubatlari va undan keyin keladigan shon-shuhratni bashorat qilishgan. Ammo ular bu ikki voqea bir-biridan kamida 1900 yilga uzoqlashishini anglamasdilar. Ko‘pincha ular ko‘rgan ikkita tog‘ cho‘qqisini tasvirlaganlar: (a) Iso azob chekkan Golgofa tog‘i va (b) U shon-shuhrat bilan qaytadigan Zaytun tog‘i. Biroq ular bu cho‘qqilar orasidagi vodiyni, ya’ni hozirgi Inoyat davrini ko‘rmaganlar. Endi biz ulardan ko‘ra aniqroq istiqbolda ikkala voqeani ham ko‘rishimiz mumkin, ulardan biri o‘tmishga, ikkinchisi esa hali kelajakka tegishli.
1:12 Xudoning Ruhi ularga mo‘jizaviy tarzda hali tug‘ilmagan avlodlarga xizmat qilayotganlarini ochib berdi. Payg‘ambarlarning so‘zlari o‘z davrlari uchun ahamiyatli bo‘lsa-da, ular bashoratlarning to‘liq ma’nosi o‘sha kunlardagi voqealar bilan tugamasligini bilishgan. Tabiiyki, savollar tug‘iladi: Nahotki Eski Ahd payg‘ambarlari imon orqali oqlanish haqiqatini bilishmagan? Qanday qilib ular bizning najotimiz haqidagi haqiqatni tushunishmagan? Qaysi ma’noda ular o‘zlaridan ko‘ra ko‘proq bizga xizmat qilishgan? Vilyam Linkoln shunday deydi:
Uilyam Linkoln shunday deydi:
" Xudoning inoyatining mo‘l - ko‘lligi Masih kelguniga qadar to‘kilib ketishi mumkin emas edi. Xudo gunohkorlarni qutqarishi va haqiqatan ham qutqarishi mumkin edi, masalan, Xano‘xni osmonga ko‘tarishi mumkin edi, ammo Masih bilan birlik va bunday birlikni anglatadigan barcha narsalar faqat Masihning o‘limidan va Uning tirilishidan keyin amalga oshirilishi mumkin edi. O, tangri o‘z o‘g‘liga ko‘rsatilayotgan behisob izzat-ikromlarni ko‘rib, naqadar tantana qiladi! (Ibid, p. 23.
Payg‘ambarlar uchun parda ortida bo‘lgan narsalar endi ayon bo‘lmoqda. Hosil bayramida Muqaddas Ruh osmondan tushdi. U havoriylarga Nosiralik Iso va’da qilingan Masih ekani, U odamlarning gunohlari uchun o‘lgani, dafn etilgani va uchinchi kuni tirilgani haqidagi Xushxabarni va’z qilishni topshirdi. Ular xaloskorlik Masihga bo‘lgan ishonch tufayli in’om etilishini e’lon qilishdi. Ular Xudoning inoyat davridagi maqsadi turli xalqlardan bo‘lgan odamlarni Uning nomi bilan to‘plash ekanini, bir kunmas bir kun Hazrati Iso yer yuziga qaytib kelib, dunyo ustidan hukmronlik tayog‘ini qo‘liga olishini e’lon qildilar.
Yangi Ahd davridagi mo‘minlarning eng katta imtiyozi nafaqat payg‘ambarlardan maxfiy bo‘lgan narsalarni aniq tushunishlarida, balki farishtalarning ham ushbu najot haqiqatlariga kirishni xohlashlarida namoyon bo‘ladi. NZda farishtalar xuddi VZdagidek muhim o‘rin tutadi. Ular Masihning tug‘ilishi, vasvasaga tushishi, Getsemaniya shahrida azob chekishi va tirilishi bilan bog‘liq holda tilga olinadi. Ammo bilishimizcha, osiy farishtalarga hech qanday mag‘firat yo‘q. Masih farishtalarni emas, balki Ibrohimning avlodlarini himoya qilish uchun kelgan (Ibr. Cherkov farishtalarga yaqqol o‘rnak bo‘ladi, chunki u Xudoning ko‘p qirrali donoligini namoyish etadi (Efes 3:10). Ammo ular bizga najot keltiradigan quvonchni his etish baxtiga muyassar emaslar.
D. Ushbu nuqtai nazarga ko‘ra masihiy o‘zini qanday tutishi (1:13 - 2:3)
1:13 Bu baytdan boshlab urg‘ularning joylashuvi o‘zgaradi. Butrus xaloskorimizning shon - shuhratini tasvirlagan. Endi u yuqoridagi material asosida bir qator ko‘rsatmalar beradi. Jovett shunday deb bo‘lishdi: " Ushbu da’vat, Xushxabarni va’z qilishdan oldin qilingan.
Ma’naviy turtki buyuk faktlarning harakatlantiruvchi kuchi tufayli yuzaga keladi. Bu vazifaning dinamikasi Injilning yuragida tug‘ilgan." (J. H. Jowett, The Redeemed Family of God, p. 34.
Avvalo, Butrus avliyolarga aql - idroklarini " belbog‘ bilan bog‘lashni " qat’iy maslahat beradi. Aql kamarini bog‘lash qiziqarli badiiy obraz. Sharq mamlakatlarida odamlar uzun, pastga tushadigan erkin burmali kiyimlarni kiyishgan. Ular tez yoki kamroq to‘siqlar bilan harakatlanmoqchi bo‘lganlarida, kiyimlarini belbog‘ bilan bog‘laganlar (Chiqish 12: 11 ga qarang). Shunday qilib, ular bellarini bog‘lashdi. Xo‘sh, Butrus aql kamarini bog‘lash deganda nimani nazarda tutyapti? Dushmanlik dunyosida aylanar ekan, dindorlar vahima va parishonxotirlikdan saqlanishlari kerak. Ta’qib davrida har doim sarosimaga tushish yoki hayajonlanish ehtimoli bor. Belbog‘li aql kuchli, xotirjam, sovuqqon va harakatga tayyor odamlarga xosdir. Bunday odamlar ta’qibdan insoniy qo‘rquvdan xoli bo‘ladilar.
Keyinchalik, bu aqliy holat "uyg‘oq bo‘ling" so‘zi bilan rag‘batlantiriladi. Ya’ni, isteriyadan farqli o‘laroq, o‘zingizni xotirjam tuting. Tetik ruh muvozanatli va mustahkam.
Keyin avliyolarga umidvorlikni saqlab qolish va kelajakka ishonch bilan qarash qat’iy tavsiya etiladi: Iso Masihning zohir bo‘lishida sizga berilayotgan inoyatga to‘liq umid bog‘lang. Masihning kelishiga bo‘lgan ishonch bizga hayotning barcha tashvish va qiyinchiliklari orasida oxirigacha bardosh berish imkonini beruvchi mustahkam asos sifatida taqdim etilgan. Odatda, Iso Masihning zohir bo‘lishi Uning shon-sharaf bilan yerga qaytishini anglatadi, deb hisoblanadi. Biroq, bu Masih O‘z avliyolarini olib ketish uchun kelganida osmonga ko‘tarilishni ham nazarda tutishi mumkin.
1:14 14−16-oyatlarda itoatkor fikr yuritish haqida so‘z boradi. Itoatkor farzandlar avvalgi hayotlariga xos bo‘lgan gunohlarni qilmasliklari kerak. Endi ular masihiylar sifatida o‘zlari nomini olgan Zotga taqlid qilishlari lozim. Agar ular xudosiz dunyo bilan moslashsalar, o‘zlarining samoviy tabiatini inkor etgan bo‘ladilar. Ular g‘aflat kunlarida qilgan ishlarini endi tark etishlari kerak, chunki Muqaddas Ruh bilan muqaddaslashtirilganlar. Avvalgi shahvatlar ular Xudoni tanimagan paytlarida yo‘l qo‘ygan gunohlaridir.
1:15 O‘tkinchi ehtiroslar va urf-odatlarga ega bo‘lgan xudosiz dunyoga taqlid qilish o‘rniga, hayotimiz bizni da’vat etgan Zotning muqaddas fe’l-atvorini aks ettirishi kerak. Taqvodor bo‘lish - Xudoga o‘xshash bo‘lish demakdir. Xudo har narsada muqaddasdir. Unga o‘xshash bo‘lish uchun har bir ishimizda va so‘zimizda muqaddas bo‘lishimiz lozim. Bu dunyoda biz hech qachon U kabi muqaddas bo‘la olmaymiz, lekin muqaddas bo‘lishimiz kerak, chunki U muqaddasdir.
1:16 Xudo O‘z xalqidan O‘ziga o‘xshashini kutayotganini tasdiqlash uchun, Butrus Eski Ahdga murojaat qiladi. Levilar 11:44 da Rab shunday degan: "Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman". Masihiylar o‘zlarida mavjud bo‘lgan Muqaddas Ruh orqali muqaddas hayot kechirishlari kerak. Eski Ahd avliyolari bunday yordam va barakaga ega emas edilar.
Biz imtiyozliroq holatdamiz, shuning uchun zimmamizdagi mas’uliyat ham kattaroq. Butrus Levilar kitobidan keltirgan oyat Yangi Ahdda yangi, chuqurroq ma’no kasb etadi. U rasmiylik va hayotiylik o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi. Eski Ahdda muqaddaslik Xudoning ideali edi. Ammo faqat Haqiqat Ruhi kelgandan so‘nggina u aniq, kundalik sifatga ega bo‘ldi.
1:17 Biz nafaqat muqaddaslikka, balki hurmatga, ya’ni Xudodan qo‘rqishga, Uning kimligini chuqur anglashga da’vat etilganmiz. Ayniqsa, biz Otamiz deb murojaat qiladigan Zot O‘z farzandlariga ularning ishlari bo‘yicha yuzxotirchilik qilmay hukm chiqarishini tushunishimiz lozim. Uning bilimi mukammal va hukmi adolatli ekanini anglab, Uning noroziligiga sabab bo‘lishdan ehtiyot bo‘lib, oqilona yashashimiz kerak. Ota bu hayotda O‘ziga tegishli bo‘lganlarni hukm qiladi; U gunohkorlar ustidan butun hukmni Rabbimiz Isoga topshirgan (Yuhanno 5:22).
Linkoln shunday yozadi: "U maqsadlari pok, fikrlari oqilona va qalbi Unga yoqishni istagan har bir kishini kuzatib, e’tiboridan chetda qoldirmaydi" (Lincoln, Ma’ruzalar, 30-bet). (Lincoln, Ma’ruzalar, p.
Biz yer yuzidagi musofirlik vaqtimizni qo‘rquv bilan o‘tkazishimiz lozim. Bu dunyo masihiylar uchun vatan emas. Biz samoviy vatanimizdan uzoqda, begona yurtda yashaymiz. Bu yerda doimiy turar joyimizdek o‘rnashib qolmasligimiz kerak. Shuningdek, yer yuzida yashovchilarning xatti-harakatlariga taqlid qilmasligimiz lozim. Biz o‘zimizning samoviy vatanimizni doimo yodda tutishimiz va o‘zimizni samoviy fuqarolardek tutishimiz kerak.
1:18 Tavba qilishdan oldin, imonlilar dunyodagi odamlardan farq qilmas edilar. Ularning gap-so‘zlari va xatti-harakatlari atrofdagilarniki kabi behuda va ma’nosiz edi.
Xudodan uzoqda o‘tkazilgan kunlar "Ota-bobolaringizdan meros qolgan behuda hayot" deb ta’riflangan. Ammo ularni o‘sha befoyda tirikchilikdan xalos etish uchun juda katta to‘lov to‘landi. Ular behisob to‘lov evaziga dunyoga qullarcha taqlid qilishdan qutqarildilar. O‘g‘irlangan qurbonlarning ozodligi uchun kumush yoki oltin to‘lanmadi (Chiqish 30:15 ga qarang).
1:19 Yo‘q, ular nuqsonsiz, benuqson qo‘zining qoniga o‘xshagan qimmatbaho Masihning qoni bilan sotib olindilar. Masih pok va beg‘ubor qo‘zichoqdir, U ichki va tashqi jihatdan mutlaq mukammaldir. Agar mo‘min banda qachondir dunyo lazzatlari va ko‘ngilxushliklariga qaytish vasvasasiga berilib, dunyoviy urf-odatlar va xulq-atvor me’yorlarini qabul qilsa, noto‘g‘ri yo‘llardan borayotgan dunyoga o‘xshashni istasa, uni bunday hayotdan ozod qilish uchun O‘z qonini to‘kkan Masihni eslasin. Dunyoga qaytish - bu biz uchun qurilgan afsonaviy qiymatdagi ko‘prikni teskari yo‘nalishda kesib o‘tish demakdir. Bundan tashqari, dunyoga qaytish - bu ongli ravishda Xaloskorga xiyonat qilishdir.
"Dunyoga qaytish - gunohning kattaligi uchun qurbonlikning ulug‘vorligidan voz kechishga bahona topish demakdir. So‘ngra Xudoning O‘g‘li hayotini bergan narsaga butunlay barham berishga qaror qilishdir."
1:20 Masihning biz uchun amalga oshirgan qutqarilishi Xudo rejasidagi kechiktirilgan fikr emas edi. Biz uchun o‘lishi kerak bo‘lgan Xaloskor dunyo yaratilishidan oldin belgilangan edi. Biroq, so‘nggi zamonlarda, ya’ni qonun davrining oxirida, U bizni avvalgi hayot yo‘llarimizdan qutqarish uchun osmondan keldi. Linkoln shunday izoh beradi: "Bu so‘nggi zamonda jahon axloqiy tarixi Masihning xochida yakuniga yetdi. U to‘liq tugab, Xudo oldida o‘z nihoyasiga yetdi" (Ibid, 33-bet).
Butrus, dunyoviy tizimdan butunlay ajralish muhimligini yanada chuqurroq singdirmoqchi bo‘lib, Masihning bizni undan ozod qilish uchun o‘lganini ta’kidlaydi. Biz dunyoda yashaymiz, ammo biz undan emasmiz. Shunga qaramay, biz qayta tug‘ilmagan insonlardan ajralib qolmasligimiz, aksincha ularga Xushxabarni yetkazishimiz lozim.
Biroq, ular bilan muloqot qilayotganda, hech qanday holatda ularning gunohlariga sherik bo‘lmasligimiz yoki ularga yon bosmasligimiz kerak. Biz o‘z hayotimiz misolida Xudoning farzandlari ekanligimizni ko‘rsatishimiz lozim. Agar dunyoga o‘xshab qolsak, bizning guvohligimiz zaiflashadi. Dunyoviy odamlar hayotimizdagi farqni - yaxshi tomonga o‘zgarishlarni ko‘rmasalar, imonli bo‘lishga bo‘lgan istagini yo‘qotadilar.
1:21 Rabbimiz Isoga sodiq qolishimiz zarur, chunki faqat U orqali biz Xudoga ishondik. Aynan U bizga Otamizning qalbini ochib berdi. V.T.P. Uolston aytganidek: "Inson Xudoni yaratilish, taqdir yoki qonun orqali emas, balki Masih orqali tanidi" (W. T. P. Wolston, Simon Peter: His Life and Letters, 270-bet). Ota Masihning qutqaruv ishidan to‘liq mamnun ekanligini Uni o‘liklar orasidan tiriltirishi va osmonda eng oliy sharafga sazovor qilishi orqali tasdiqladi. Bularning natijasida biz Xudoga bo‘lgan imonimiz va umidimizga ega bo‘ldik. Biz hozirgi yovuz dunyo tizimida emas, balki aynan Unda yashayapmiz, harakatlanamiz va mavjudmiz.
1:22 Endi havoriy Butrus o‘quvchilarini mehr-muhabbatli bo‘lishga undaydi (1:22−2:3). Avvalo, u qayta tug‘ilishni tasvirlaydi va undan keyingi o‘zgarishlardan biri birodarlarni sevish ekanligini ko‘rsatadi (1:22). So‘ngra u yana sevish zarurligini ta’kidlaydi (1:22). U yana qayta tug‘ilishga qaytadi va bu yangi hayot unib chiqqan urug‘ga - Xudoning Kalomiga ishora qiladi (1:23−25). Yana bir bor u Kalomni qabul qilganlar zimmasiga yuklangan majburiyatni ta’kidlaydi (2:1−3).
1:22-oyatda Butrus avvalo yangi tug‘ilishni tasvirlaydi: qalbingizni poklab. Albatta, najot topganimizda, aynan Xudo qalbimizni poklashini tushunamiz; aslida shaxsiy poklanish uchun kuchimiz yo‘q. Lekin bu iborada poklanishni boshidan kechirganlar uni imon orqali qabul qilgan hisoblanamiz.
Bu poklanishda qo‘llaniladigan vosita haqiqatga itoat qilishdir. Butrus ikkinchi marta najotbaxsh imonni itoatkorlik deb ataydi (1:2 ga qarang). Rimliklarga yozgan maktubida Pavlus "imonga bo‘ysunish" iborasini ikki marta ishlatgan. O‘z mulohazalarimizda imonni itoatkorlikdan ajratishga urinmasligimiz kerak.
Haqiqiy imon itoatkor imondir. Itoatkorlik faqat Ruh orqali amalga oshirilishi mumkin. (NU matnida "Ruh orqali" tushirib qoldirilgan.)
Qayta tug‘ilishning maqsadlaridan biri - samimiy birodarlikdir. Aniqroq aytganda, biz masihiy birodarlarimizni sevish uchun qutqarilganmiz. Bu muhabbat tufayli o‘limdan hayotga o‘tganimizni bilamiz (1 Yuhanno 3:14); bu muhabbatning namoyon bo‘lishini ko‘rib, dunyo biz Rabbimiz Isoning shogirdlari ekanligimizni biladi (Yuhanno 13:35).
Bir-birini chin yurakdan sevishga da’vat etish juda tabiiy. Bu Yangi Ahddagi ko‘plab holatlardan biri bo‘lib, unda tasviriy bayonot buyruq uchun asosga aylanadi. Buyruq yoki talab shunday yangraydi: qalbingizni samimiy birodarlik tuyg‘usi bilan poklab... Keyin buyruq keladi: doimo bir-biringizni chin yurakdan seving. Holat harakatlar uchun asos yaratadi. Bizning muhabbatimiz qaynoq, samimiy, kuchli, jiddiy, doimiy va sof bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, ta’qibga uchragan kishilar uchun bir-birlarini sevishga bo‘lgan qat’iy da’vat o‘rinlidir, chunki "og‘ir vaziyatlarda arzimas kelishmovchiliklar ulkan darajaga yetishi" ma’lum.
1:23 Butrus yana bir bor o‘quvchilarni qayta tug‘ilishga, bu safar ushbu tug‘ilishning urug‘i - Xudoning Kalomiga qaytaradi. 2:1-3 da berilgan ko‘rsatmalar bunga asoslanadi.
Yuqoridan tug‘ilish chiriy oladigan urug‘dan emas, ya’ni jismoniy tug‘ilishdek sodir bo‘lmagan. Inson hayoti parchalanish va o‘limning jismoniy qonunlariga bo‘ysunadigan urug‘dan boshlanadi. Paydo bo‘lgan jismoniy hayot o‘zi kelib chiqqan urug‘ kabi xususiyatlarga ega; u ham vaqtinchalik xarakterga ega.
Yuqoridan tug‘ilish Xudoning Kalomidan kelib chiqadi. Injilni tinglab va o‘qib, odamlar o‘zlarini gunohlarda ayblay boshlaydilar, Masihning yagona va yetarli Najotkor ekanligiga ishonch hosil qiladilar va Xudoga yuzlanadilar. Hech kim Xudoning pok Kalomining ta’sirisiz najot topmaydi.
Semyuel Ridaut "Raqamlar Injili"da shunday ta’kidlaydi:
"...Birinchi bobda biz uchta "chirimas" narsa haqida o‘qiymiz - chirimas meros (4-oyat), chirimas najot (18-19-oyatlar) va biz qayta tug‘ilgan chirimas Kalom (23-oyat). Shunday qilib, biz mukammal tabiatga egamiz, najot tufayli hech qachon qiymatini yo‘qotmaydigan mukammal merosdan quvonishga qodirmiz. Abadiy mukammallik muhri barchamizga bosilgan, va uning yonida munosib hamroh - muloyim va kamtarin ruhning so‘nmas go‘zalligi bor (3:4)". (F. W. Grant, "1 Butrus", The Numerical Bible, Ibroniylar va Vahiy, 149-bet.)
Kalom yashaydi va abadiy qoladi. (NU matnida "abadiy" so‘zi tushirib qoldirilgan.)
Osmonlar ham, yer ham o‘tib ketadi, lekin u hech qachon yo‘q bo‘lmaydi. U osmonda abadiy qoladi. U bergan hayot ham abadiydir. Kalom orqali qayta tug‘ilganlar Kalomning abadiy tabiatiga burkanadi.
Inson tug‘ilganda, bola rivojlanadigan urug‘ embrion holatida uning barcha xarakterli xususiyatlarini o‘z ichiga oladi. Farzandning oxir-oqibat kim bo‘lishi urug‘ bilan belgilanadi. Bu o‘rinda urug‘ning abadiy emasligini, u chiriy olishini, demak, undan kelib chiqadigan inson hayoti ham o‘tkinchi ekanligini anglashimiz kifoya.
1:24 Insonning umri qisqaligi Ishayo (40:6-7) dan keltirilgan iqtibos bilan ta’kidlangan. Inson umri o‘t-o‘lan kabi qisqa. Jismoniy go‘zallik dala gullarining umri kabi tez o‘tib ketadi. O‘tlar quriydi, gullar so‘lib to‘kiladi.
1:25 Aksincha, Egamizning Kalomi abadiy yashaydi (Ish 40:8). Shuning uchun imonlilarning yangi hayoti ham o‘tkinchi emas. Bu abadiy Kalom - Butrus o‘quvchilariga va’z qilingan va ularning qayta tug‘ilishiga sabab bo‘lgan Xushxabardir. U ularning abadiy hayot manbaiga aylandi.