B. Jonli e’tiqod ta’limoti (5:1)
Endi Yuhanno hayotni baholash mezonlari mavzusidan yana ta’limotni tahlil qilishga qaytadi. Buni e’tiqodni sinash deb ham atashimiz mumkin. Dastlabki uch oyatda imonning natijalari sanab o‘tilgan. Avval Ilohiy tug‘ilish, keyin Xudoga muhabbat, so‘ngra imonli birodarlarga muhabbat va nihoyat, Xudoning amrlariga rioya qilish keladi. Avvalo, biz Xudodan tug‘ilganmiz: Iso Masih ekaniga ishongan har bir kishi Xudodan tug‘ilgan. Bu yerda e’tiqod shunchaki bir dalilga aqlan qo‘shilish emas, balki hayotni Iso Masihga bag‘ishlashdir.
D. Muhabbat va undan keyingi itoatkorlik (5:1−3)
5:1 Agar biz haqiqatan ham Xudodan tug‘ilgan bo‘lsak, Uni sevishimiz kerak. Va nafaqat Uni, balki Uning farzandlarini ham sevamiz. Shuni ta’kidlash joizki, biz nafaqat o‘zimizning mahalliy jamoamiz yoki birodarligimiz a’zolarini, balki barcha imonli birodarlarni sevishimiz lozim.
5:2−3 Imonning to‘rtinchi natijasi — Xudoning amrlariga itoat etishdir. Biz Xudoning farzandlarini sevishimizni Xudoni sevib, Uning amrlariga rioya qilayotganimizdan bilib olamiz. Haqiqiy najot topganlarga Xudoning irodasini bajarish istagi xosdir.
Xudoga bo‘lgan sevgimiz Uning amrlariga rioya qilish istagida namoyon bo‘ladi. Rabbimiz Iso shunday degan: “Agar Meni sevsangiz, amrlarimga rioya qilinglar”.
Yuhanno Uning amrlari og‘ir emas, deganida, ularning qiyin emasligini emas, balki yuqoridan tug‘ilganlar aynan shularni bajarishni sevishini nazarda tutgan. Onaga chaqalog‘iga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishni maslahat berganingizda, siz unga o‘zi sevib bajaradigan ishni maslahat bergan bo‘lasiz. Rabbimizning amrlari biz uchun eng yaxshisidir, ular yangi tabiatimizni chin dildan hayratga soladigan narsalardir.
E. Dunyoni yengadigan imon (5:4−5)
5:4 So‘ngra biz dunyo ustidan g‘alaba qozonish sirini bilib olamiz. Dunyo tizimi — bu bizni Xudodan va abadiy narsalardan uzoqlashtirishga, vaqtinchalik va jismoniy narsalarga jalb qilishga tinimsiz urinadigan dahshatli vasvasalar dasturidir. Dunyo odamlari o‘tkinchi va hissiy narsalarga butunlay berilgan. Ular o‘tkinchi narsalarning qurboniga aylangan. Faqat Xudodan tug‘ilgan odamgina dunyoni chindan ham yengadi, chunki u imoni orqali bu dunyoning foniy ekanidan yuqoriga ko‘tarilib, hamma narsani haqiqiy, abadiy nuqtai nazardan ko‘rishga qodir.
Shunday qilib, dunyoni buyuk olimlar, faylasuflar yoki ruhshunoslar emas, balki ko‘rinadigan narsalar vaqtinchalik, ko‘rinmaydiganlari esa abadiy ekanini tushunadigan oddiy imonlilar yengadi. Isoda namoyon bo‘lgan Xudoning ulug‘vorligi nuri bu dunyoning shuhratini xiralashtiradi.
5:5 Ko‘rib turganimizdek, bu bobning mavzusi — imonning abadiy hayot o‘lchovi ekanidir. Yuhanno hozirgina shunday degan edi: “Iso Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishongan kishidan boshqa kim dunyoni yenga oladi?” Endi u Rabbimiz Iso Masihning xizmati haqidagi haqiqatni tushuntirishda davom etadi.
F. Jonli ta’limot (5:6−12)
5:6 U shunday deydi: “Bu suv va qon orqali kelgan Iso Masihdir”. Bu so‘zlarning ma’nosi haqida ko‘p munozaralar bo‘lgan. Ba’zilar suv va qon Najotkorning tanasidan oqib chiqqan suv va qonni anglatadi, deb hisoblaydi (Yuhanno 19:34). Boshqalar suv Xudoning Ruhiga, qon esa Golgotada to‘kilgan Qonga ishora qiladi, deb o‘ylaydi. Yana boshqalar havoriy tabiiy tug‘ilishga ishora qilmoqda, chunki u yerda ham suv va qon bo‘ladi, degan fikrni ilgari suradi. Biz havoriy ushbu maktubda inkor etishga intilayotgan gnostiklarning bid’atini hisobga oladigan to‘rtinchi talqinni taklif qilmoqchimiz.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, gnostiklar “Masih Isoning ustiga U suvga cho‘milayotgan paytda tushib, azob-uqubatlardan oldin, ya’ni Getsemaniya bog‘ida Uni tark etgan”, deb ishonishgan. Boshqacha aytganda, ular go‘yo: “Masih xochda o‘lmagan, u yerda Iso ismli inson o‘lgan”, deyishgan.
Bu, albatta, Uning boshqalarning gunohlarini yuvish ishini qadrsizlantiradi. Bizning taxminimizcha, Yuhanno suvni Isoning suvga cho‘milishi ramzi, qonni esa Uning gunohlarni yuvuvchi o‘limi ramzi sifatida ishlatgan. Bular Uning omma oldidagi xizmatining ikki yakuniy nuqtasi edi.
Yuhannoning aytishicha, Iso Iordanda suvga cho‘milganda ham, xochda o‘lganida ham Masih bo‘lgan. Bu suv va qon orqali kelgan Iso Masihdir... faqat suv orqali emas (gnostiklar o‘ylaganidek), balki suv va qon orqali kelgan. Shunday taassurot uyg‘onadiki, inson qalbi doimo kafforat ta’limotidan qutulishga harakat qiladi. Odamlar Rabbimiz Isoni mukammal Inson, ideal Namuna, ajoyib axloq qoidalarini bergan Zot sifatida ko‘rishni istashadi. Biroq Yuhanno Rabbimiz Isoning nafaqat mukammal Inson, balki mukammal Xudo ekanini ham ta’kidlaydi. Iordan daryosida suvga cho‘milgan Zot gunohkorlar uchun O‘z jonini qurbon qildi. Odamlar Masihga: “Xochdan tush, shunda Senga ishonamiz”, — deyishadi. Agar ular o‘z xayollaridan xochni olib tashlay olsalar, baxtli bo‘lishardi. Lekin Yuhanno deydi: “Yo‘q. Sizlar Rabbimiz Iso Masihni Uning Golgotadagi kafforat ishidan ajratib qo‘ya olmaysizlar”.
Ruh U haqda guvohlik beradi, chunki Ruhning o‘zi haqiqatdir. Bu shuni anglatadiki, Xudoning Muqaddas Ruhi doimo Yuhanno ochib bergan Rabbimiz Iso haqidagi haqiqatni yetkazadi. U Masih faqat suv bilangina emas, balki suv va qon bilan kelganiga shohidlik qiladi, chunki bu Xudoning haqiqatidir.
5:7–8 Ayrim xudojo‘y masihiylar 7–8-oyatlarning ba’zi qismlari aslida Yangi Ahdning sanoqli yunoncha qo‘lyozmalaridagina keltirilganini bilgach, xijolat bo‘lib, xavotirga tushadilar. (Erazm bu so‘zlarni Rim Papasi bosimi ostida Yangi Ahdning yunoncha tarjimasi keyingi nashrlariga qo‘shgan (bu so‘zlar rasmiy Rim-katolik lotincha Injili – Vulgatada uchraydi). Bu so‘zlar faqatgina keyingi davrga oid to‘rtta yunoncha matndagina mavjud, shu sababli ulardan foydalanish xavflidir. Muqaddas Uchlikni doimiy ravishda inkor etishga urinadigan bid’atchilar darhol shu dalillarga ishora qilishadi, shuning uchun bu muammodan xabardor bo‘lish kerak). Ammo bu holat Muqaddas Yozuvlarning ilohiy ilhom bilan yozilgani haqidagi haqiqatga zarracha ham ta’sir qilmaydi. Ba’zilar bu so‘zlarni saqlab qolish muhim deb hisoblaydi, chunki bu yerda Uchlikning barcha Shaxslari tilga olingan. Biroq Uchlik haqidagi haqiqat faqat shu parchaga bog‘liq emas, zero bu haqiqat Muqaddas Yozuvlarning boshqa ko‘plab oyatlarida ham mavjud.
Oldingi oyatlarda Masihning Shaxsi va ishi to‘g‘risidagi haqiqatni bayon qilgach, Yuhanno Unga bo‘lgan ishonchimizning nechog‘li ishonchli ekanini ko‘rsatishda davom etadi. Uning aytishicha, uch narsa shohidlik beradi (“yerdagi” so‘zini olib tashlash kerak): Ruh, suv va qon; va bu uchovi bir narsa haqidadir. Garchi Xudoning Kalomi imonimiz uchun yetarli asos bo‘lsa-da, U shunga qaramay, haqiqat to‘g‘risida bizga uch karra guvohlik berish uchun marhamat ko‘rsatadi. Avvalo, Xudoning Ruhi Iso Masihning Xudo ekani va dunyoning yagona Najotkori ekanligi haqidagi haqiqatga guvohlik beradi. Ruhning guvohligi Xudoning Kalomida yozilganini topamiz.
Keyin suvning guvohligi berilgan. Bizningcha, bu Rabbimiz Isoning suvga cho‘mishi paytida sodir bo‘lgan voqeaga ishora qiladi. O‘shanda Xudo osmonni ochib: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman”, — deb baralla e’lon qilgan. Shunday qilib, Ota Xudo Masihning Shaxsi to‘g‘risidagi O‘z shaxsiy guvohligini Xudo Ruhi guvohligiga qo‘shgan.
Nihoyat, qonning guvohligi berilgan. Xochda Rabbimiz Iso O‘zining Xudoning O‘g‘li ekanligi haqida guvohlik berdi. Hech kim Uning jonini olgani yo‘q; U O‘zi jonini fido qildi. Agar U oddiy inson bo‘lganida, buni qila olmas edi. Rabbimiz Iso Masihning qoni gunoh masalasi butunlay va abadiy hal etilganidan dalolat beradi. Uchala guvohlik ham bir butundir. Ya’ni, ular Masihning Shaxsi va ishining mukammalligi to‘g‘risida guvohlik berishda yakdildirlar.
5:9 Endi Yuhanno ta’sirchan bir dalilni keltiradi: “Agar biz insoniy guvohlikni qabul qilsak, Xudoning guvohligi undan ham buyukroqdir”. Kundalik hayotda biz odatda birodarlarimizning so‘zlariga ishonamiz. Agar ularning so‘zlariga ishonmasak, ishlarimiz to‘xtab, ijtimoiy hayotimiz imkonsiz bo‘lib qolardi. Biz adashishi va aldamchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan insonlarning guvohliklarini yoki dalillarini qabul qilamiz. Agar kundalik hayotimizda shunday qilsak, unda o‘zgarmas va yolg‘on so‘zlamaydigan Xudoning Kalomiga qanchalik ishonishimiz kerak! Xudoga ishonmaslik o‘ta aqlsizlikdir. Uning guvohligi mutlaq ishonchga loyiq.
5:10 Inson Uning O‘g‘li haqidagi guvohligini chin dildan qabul qilsa, Xudo bu haqiqatni muhrlab, o‘sha insonga o‘z ichida Ruhning guvohligini beradi.
Boshqa tomondan, Xudoga ishonmagan odam Uni yolg‘onchiga chiqaradi; chunki u Xudo O‘z O‘g‘li haqida bergan guvohlikka ishonmaydi. Odamlar Xudoning Masih haqidagi guvohligini qabul qilish yoki rad etish o‘z ixtiyorimizda deb o‘ylashadi, ammo Yuhanno ularga buni rad etish – Xudoni yolg‘onchilikda ayblash bilan barobar ekanini tushuntiradi.
5:11 So‘ng Yuhanno masihiy xushxabarini shunday xulosalaydi: “Guvohlik shundan iboratki, Xudo bizga abadiy hayot ato etdi va bu hayot Uning O‘g‘lidadir”. Bular naqadar buyuk haqiqatlar: Xudo insonlarga abadiy hayot berdi va bu hayotning manbai Uning O‘g‘lida!
5:12 Bundan quyidagi muqarrar xulosa kelib chiqadi: Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lgan kishi hayotga egadir; Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lmagan kishi esa hayotga ega emas. Bu ta’limot bexatodir.
Abadiy hayotni na ta’limda yoki falsafada, na ilm-fanda yoki ezgu ishlarda, na dinda yoki cherkovda topib bo‘ladi. Hayotga ega bo‘lish uchun Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lish kerak. Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lmagan kishida esa hayot, ya’ni haqiqiy hayot yo‘qdir. Abadiy hayot Iso Masihdan ajralmasdir.
G. Kalom orqali ishonch hosil qilish (5:13)
Endi maktubning yakuniy qismiga yetib keldik. Avvalo, Yuhanno oldingi oyatlarni nima uchun yozganini aniq bayon qiladi. Uning maktubi Xudoning O‘g‘li ismiga imon keltirganlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, maqsadi quyidagicha: sizlar Xudoning O‘g‘liga ishonib, abadiy hayotga ega ekaningizni bilishingiz uchun. Agar siz Xudoning farzandlari sifatida muhrlangan bo‘lsangiz, bilingki, Xudoning oilasida tug‘ilgansiz. Bu oyatda yana bir qimmatbaho haqiqat bayon etilgan: najotga bo‘lgan ishonch Xudoning Kalomi orqali keladi. Yuhanno buni odamlar abadiy hayotga ega ekanliklarini bilishlari uchun yozgan. Boshqacha aytganda, Muqaddas Yozuvlar Rabbimiz Isoga ishonuvchilar najotga ishonch hosil qila olishlari uchun yozilgan. Qorong‘ilikda umid qilish yoki taxmin qilish, sezish yoki paypaslanib yurishning hojati yo‘q. Najot – bu ehtimollik emas. Yuhanno Rabbimiz Isoga chin dildan ishonuvchilar abadiy hayotga ega ekanliklarini bilishlari shartligini qat’iy ta’kidlaydi.
H. Ibodatdagi jur’at (5:14–17)
5:14–15 O‘z-o‘zidan ma’lumki, abadiy hayotga ishonchimiz komil bo‘lsa, Rabbimizning huzuriga jur’at bilan bora olamiz. Yuhanno bu jur’atni 14–15-oyatlarda tasvirlaydi. Bilamizki, Uning irodasiga muvofiq biror narsa so‘rasak, U ibodatlarimizni eshitadi va ularga javob beradi. Albatta, Uning irodasiga zid bo‘lgan narsani so‘rab ibodat qilish qo‘rqinchlidir.
Ehtimol, kimdir: “Xudoning irodasini qanday bilishim mumkin?” deb so‘rashi mumkin. Javob shunday: Xudoning irodasi bizga Muqaddas Yozuvlarda ochib berilgan, shuning uchun Xudoning irodasini yaxshiroq bilish va yanada oqilona ibodat qilish uchun Kalomni o‘rganishimiz kerak.
5:16 Yuhanno imonli qachon jur’at bilan ibodat qila olishi va qachon bunday jur’at imkonsiz ekaniga misol keltiradi. Agar kimdir o‘z birodarining o‘limga olib bormaydigan gunoh qilayotganini ko‘rsa, ibodat qilsin, shunda Xudo unga, ya’ni o‘limga olib bormaydigan gunoh qilayotganga hayot beradi. Bu, aftidan, bir masihiy o‘z birodarining gunohli ish bilan shug‘ullanayotganini ko‘rgan holatga tegishli. Lekin bu shunday gunoh emaski, uni qilgan odamni hayotdan mahrum qilish kerak bo‘lsin.
Bunday holda, imonli kishi gunoh qilgan odamning tiklanishi uchun ibodat qilishi mumkin va Xudo so‘rovchiga o‘limga olib bormaydigan gunoh qilganning hayotini beradi.
Biroq o‘limga olib boradigan gunoh ham bor va havoriy qo‘shimcha qiladi: “U haqda ibodat qilsin, deb aytmayapman”.
O‘LIMGA OLIB BORADIGAN GUNOH
“O‘limga olib boradigan gunoh” nima ekanini to‘liq ishonch bilan ayta olmaymiz, shuning uchun, ehtimol, qabul qilingan turli talqinlarni sanab o‘tish, so‘ngra ulardan qaysi biri, bizning fikrimizcha, eng to‘g‘ri ekanini aytish o‘rinliroq bo‘ladi.
1. Ba’zilarning fikricha, o‘limga olib boradigan gunoh – bu imonli tomonidan sodir etilib, tavba qilinmagan gunohdir. 1 Korinfliklarga 11:30 da o‘qiymizki, ba’zilar Rabbiyning Kechligida ishtirok etib, o‘zlarini hukm qilmaganlari uchun vafot etishgan.
2. Boshqalarning fikricha, bu yerda qotillik gunohi nazarda tutilgan. Agar bir masihiy g‘azab ustida boshqa odamni o‘ldirsa, biz uning uchun o‘lim jazosi bekor qilinishini so‘rab ibodat qilmasligimiz kerak, chunki Xudo O‘z irodasi bilan “kim inson qonini to‘ksa, uning qoni inson qo‘li bilan to‘kiladi” deb belgilagan.
3. Yana boshqalar bu yerda zikr qilingan gunoh Muqaddas Ruhga qarshi kufrdir, deb hisoblaydi. Rabbimiz Iso aytgan ediki, Uning Muqaddas Ruh qudrati bilan qilgan mo‘jizalarini jinlar boshlig‘i Baalzabubga bog‘laganlar kechirilmas gunoh qilganlar va bu gunoh uchun na bu dunyoda, na narigi dunyoda kechirim yo‘q.
4. Ayrimlar buni Muso yoki Horun, Hananiya va Safira qilgan gunohga o‘xshash maxsus bir gunoh deb biladi va Xudo unga yakuniy hukm chiqaradi.
Oxirgi tushuntirish bu xiyonat yoki imondan qaytish gunohi, degan nuqtayi nazarni himoya qiladi. Bizningcha, aynan shu tushuntirish matn mazmuniga eng mos keladi. Imondan qaytgan odam – bu masihiylik e’tiqodining buyuk haqiqatlarini eshitgan, Iso Masih ekanini aqlan tan olgan, hatto ochiqchasiga o‘zini masihiy deb atagan, lekin aslida hech qachon najot topmagan kimsadir. U masihiylik olib keladigan eng yaxshi ne’matlarni totib ko‘rib, undan butunlay voz kechadi va Rabbimiz Iso Masihdan yuz o‘giradi. Ibroniylarga 6-bobdan aynan shu gunoh o‘limga olib kelishini bilib olamiz.
Bunday gunohni qilganlar najot yo‘lidan mahrum bo‘ladilar, negaki “ular Xudoning O‘g‘lini o‘zlari uchun yana xochga mixlab, Uni masxara qiladilar”. Yuhanno butun maktubi davomida gnostiklar haqidagi fikrni o‘tkazadi. Bu soxta ustozlar bir vaqtlar masihiylar jamoatida bo‘lgan. Ular o‘zlarini imonli deb da’vo qilishgan. Ular haqiqiy imonni bilishgan, biroq keyinroq Rabbimiz Isodan yuz o‘girib, Uning Ilohiyligini va gunohlarimiz uchun qilingan qurbonligining kifoya ekanini to‘liq inkor etadigan ta’limotni o‘ylab topishgan.
Masihiy bunday odamlarning tuzalishi uchun ibodat qila olmaydi, chunki Xudo O‘z Kalomida ularning o‘limga olib boradigan gunoh qilishini allaqachon ko‘rsatib qo‘ygan.
5:17 Har qanday adolatsizlik gunohdir; ammo o‘limga olib bormaydigan gunoh ham bor. Gunoh darajasida ma’lum farqlar mavjud va o‘limga sabab bo‘ladigan darajada jiddiy bo‘lmagan gunohlar ham bor.
i. Ruhiy haqiqatni bilish (5:18–20)
5:18 18-oyatdan boshlab, Yuhanno o‘z maktubini masihiy imonining buyuk va shubhasiz haqiqatlarini takrorlagan holda, ulug‘vor yakuniga yetkazadi.
Biz bilamizki, Xudodan tug‘ilgan har bir kishi gunoh qilmaydi. Shunga asoslanib, Ilohiy tabiatga ega bo‘lgan kishi endi gunoh qilmasligiga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin.
So‘ngra buning izohi keladi: lekin Xudodan tug‘ilgan o‘zini asraydi va yovuz unga tegolmaydi. (Agar yunoncha tanqidiy matnda “har kim” o‘rniga “U, Kim” deb o‘qilsa, “Xudodan tug‘ilgan U” so‘zlari Masihga ishora qiladi.) 3:9-oyatdagidek, bu so‘zlar o‘zining Ilohiy tabiati tufayli gunohdan jiddu jahd bilan saqlanadigan haqiqiy imonliga tegishlidir. Faqat shunday insongagina yovuzlik zarar yetkaza olmaydi.
5:19 O‘zida yuksak bilim borligini da’vo qiluvchilarga masihiylarning javobi shunday yangraydi: biz Xudodan ekanimizni va butun dunyo yovuzlik qo‘lida yotganini bilamiz. Yuhanno bu so‘zlarning ma’nosini hech ham yumshatmaydi. U faqat ikkita dunyoni ko‘radi: Uning ichidagi dunyo yoki yovuzlik qo‘lidagi dunyo. Barcha odamlar yo najot topgan, yo halok bo‘lgan va ularning holati Iso Masihga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Eshitib qo‘yinglar, ey gnostiklar!
5:20 Uchinchi buyuk haqiqat – tan olish (mujassamlanish) haqidagi haqiqatdir. Shuningdek, Xudoning O‘g‘li kelganini ham bilamiz. Yuhanno o‘z maktubini shu mavzu bilan boshlagan va u bilan yakunlamoqda. Rabbimiz Isoning kelishi bizga Haq Zotni, ya’ni haqiqiy Xudoni namoyon qildi. Ota Xudoni faqat Rabbimiz Iso Masih orqali tanib-bilish mumkin.
“Otaning bag‘rida bo‘lgan Yagona O‘g‘il Uni namoyon qildi”. Shundan so‘ng Yuhanno qo‘shimcha qiladi: “va Uning haqiqiy O‘g‘li Iso Masihda bo‘laylik”. Yana e’tibor shunga qaratiladiki, faqat Iso Masihda bo‘lish orqaligina biz Xudoda bo‘la olamiz. “Men orqali bo‘lmasa, hech kim Otaning huzuriga kela olmaydi”.
U haqiqiy Xudo va abadiy hayotdir. Boshqacha aytganda, Yuhanno gnostiklar inkor etgan narsani, ya’ni Iso Masih Xudo ekanini va abadiy hayot faqat Unda ekanini o‘rgatadi.
IX. YAKUNIY MUROJAAT (5:21)
Nihoyat, bizga Yuhannoning so‘nggi pand-nasihati beriladi: “Farzandlarim! O‘zingizni butlardan asranglar”. Aslida havoriy shunday demoqda: “Bu haqiqatga qarshi bo‘lgan har qanday ta’limotdan ehtiyot bo‘linglar”.
U imonlilarning Xudo haqida havoriyalar bizga yetkazgan tushunchalardan farq qiladigan har qanday g‘oyadan o‘zlarini saqlashlarini istaydi. Iso Masih – Xudodir.
Boshqa har qanday qarash – butparastlikdir. Bu yerda Yuhanno yog‘ochdan yo‘nilgan butlar haqida gapirmayapti. But – haqiqiy Xudoning o‘rnini bosuvchi o‘rinbosar yoki soxta xudodir. Bu yerda but deganda moddiy buyum emas, balki soxta ta’limot nazarda tutilmoqda.
Arxiyepiskop Aleksandr bu da’vatni “jo‘shqin titroq” deya ta’riflagan. Bu murojaatni bundan-da yorqinroq uslubda yozilganini tasavvur qilish qiyin, shu sababli biz ham sharhni Yuhannoning jo‘shqin titrog‘i bilan yakunlaymiz: “Farzandlarim! O‘zingizni butlardan asranglar. Omin”.