IV. SURBET SO‘KINUVCHILARNING PAYDO BO‘LISHI HAQIDAGI BASHORAT (3-bob)
3:1 Butrus 2-bobdagi soxta ustozlar haqidagi mulohazalardan so‘ng, oxirgi kunlarda surbet so‘kinuvchilar paydo bo‘lishi mavzusiga o‘tadi. Oldingi maktubidagi kabi, u avvalo o‘quvchilaridan Muqaddas Kitobga sodiq qolishlarini so‘raydi.
3:2 Ular Eski Ahdda aytilgan muqaddas payg‘ambarlarning bashoratlarini esda tutishlari kerak; shuningdek, havoriylar orqali yetkazilgan Rabbimizning ta’limotini esda tutishlari kerak: u Yangi Ahdda saqlanib qolgan. Muqaddas Kitob - chekinish kunlaridagi yagona haqiqiy kafolatdir.
3:3 Payg‘ambarlar va havoriylarning umumiy guvohligiga ko‘ra, oxirgi kunlarda o‘z nafsi istaganlaricha yuruvchi surbet so‘kinuvchilar paydo bo‘ladi. Masihiylar buni esda tutishlari kerak. Bu odamlarning takabbur va kufrona e’tirozlari ularni sarosimaga solmasligi lozim. Aksincha, ularda asr oxiri yaqinlashayotganining aniq belgisini ko‘rishlari kerak. Bu mazaxchilar o‘z nafslari bo‘yicha yuradilar. Ular Xudo haqidagi bilimni rad etib, qo‘rqmasdan shahvatlariga erk beradilar. Ular har qanday narsaga ruxsat berilishini himoya qiladilar va ilgari surilgan har qanday hukmni butunlay e’tiborsiz qoldiradilar.
3:4 Eng avvalo, ular Masihning kelishini masxara qiladilar. Ularning "Uning kelishi haqidagi va’da qani?" degan savoli aslida "Va’daning ijrosi qani?" degan ma’noni anglatadi. Xo‘sh, Uning kelishi nimani nazarda tutadi?
Ular Masihning tiriklayin osmonga olib ketiladigan azizlari uchun kelishini nazarda tutishadimi (1 Salonikaliklarga 4:13−18)?
Bu surbet so‘kinuvchilarning Rabbimiz qaytishining dastlabki bosqichi haqida biror narsa bilishlari gumon.
Ular butun dunyo Shohligiga asos solish uchun Masihning muqaddaslari bilan kelishini nazarda tutishadimi? Ehtimol, bu ularning fikr-mulohazalariga kirishi mumkin edi.
Biroq oyatning qolgan qismidan ular Xudoning yer yuzidagi so‘nggi hukmi yoki odatda dunyoning oxiri deb ataladigan narsa haqida o‘ylayotganlari ma’lum bo‘ladi. Ular Ming yillik Shohlik oxirida osmonlar va yerning olov bilan yo‘q qilinishini nazarda tutishmoqda.
Aslida ular shunday deyishmoqda: "Ey masihiylar, siz bizni dunyoga dahshatli hukm kelishi bilan qo‘rqitmoqdasiz. Siz Xudo tarixga aralashib, yovuzlikni jazolamoqchi va yerni yo‘q qilmoqchi, deysizlar. Bularning hammasi behuda gaplar. Bizda qo‘rqadigan hech narsa yo‘q. Biz xohlagancha yashashimiz mumkin. Xudo qachondir tarixga aralashganini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q; nima uchun biz U qachondir buni qilishiga ishonishimiz kerak?"
Ularning xulosasi: "Chunki ota-bobolar vafot etganlaridan buyon, yaratilish boshidan beri hamma narsa o‘zgarmay qolmoqda," degan yengil-yelpi farazga asoslanadi. Ular tabiat doimo o‘zgarmas qonunlarga bo‘ysunishini, hech qanday g‘ayritabiiy aralashuvlar bo‘lmasligini va hamma narsaning tabiiy izohini topsa bo‘lishini ta’kidlaydilar.
Ular bir xillik qonuniga yoki uniformizmga ishonishadi. Bu qonun o‘tmishda xuddi hozirgidek kuchlar va intensivlik bilan harakat qilganini va bu jarayonlarni bilish barcha sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni tushuntirish uchun yetarli ekanligini ta’kidlaydi.
Uniformizm qonuni va evolyutsiyaning an’anaviy nazariyalari o‘rtasida muhim aloqa mavjud. Tirik organizmlarning sodda turlardan murakkab turlarga qarab evolyutsion rivojlanish nazariyasi yashash sharoiti ancha bir xil bo‘lishi kerak, degan farazga asoslanadi. Agar Yer halokatli o‘zgarishlar va falokatlarni boshdan kechirgan bo‘lsa, unda Darvinning evolyutsiya haqidagi ba’zi taxminlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi.
3:5 Surbet so‘kinuvchilar bitta faktni - to‘fonni ataylab e’tiborsiz qoldiradilar. Bir paytlar Xudo insoniyat ishlariga aralashgan va Uning aralashuvidan maqsad yovuzlikni jazolash edi. Agar bu bir marta sodir bo‘lgan bo‘lsa, yana takrorlanishi mumkin. Bu odamlar qasddan bexabar bo‘lishda ayblanishga loyiq. Ular o‘zlarining bilimdonliklari bilan maqtanadilar. Ular fikr yuritishda xolis ekanliklarini ta’kidlaydilar. Ular ilmiy tadqiqot tamoyillariga qat’iy rioya qilishlari bilan faxrlanadilar. Ammo aslida ular haqiqiy tarixiy faktni - to‘fonni ataylab e’tiborsiz qoldiradilar. Ular geologiya kursini o‘qishlari kerak! Chunki ular qasddan unutadilarki, Xudoning so‘zi bilan boshida osmonlar va yer suvdan va suv orqali tashkil topgan... va ular halok bo‘lganlar. Osmonlar va yer Xudoning so‘zi bilan yaratilgan; U aytdi va ular paydo bo‘ldi (Ibroniylar 11:3). Butrusning ta’kidlashicha, yer suvdan va suv orqali tashkil topgan. Tan olamizki, bu bayonotda biz to‘liq tushunishga ojiz bo‘lgan chuqur ma’nolar yashiringan. Ibtido 1:2 dan bilamizki, bir paytlar yer yuzini suv qoplagan edi. Keyin esa, 6-oyatda Xudo yerdagi suvni yuqoridagi tuman yoki bulutlardan ajratib turuvchi fazo, ya’ni osmon gumbazini yaratganini o‘qiymiz.
Bundan, yer yuzini qalin bug‘ pardasi qoplagani va unda hayot mavjud bo‘lmagani taxmin qilinadi. Osmon gumbazi biz nafas olishimiz mumkin bo‘lgan toza atmosferani ta’minladi. Ibtido 1:9 da qit’alar okeanlardan ajratilgani aytilgan; bu fakt quyidagi so‘zlarda ham eslatilgan bo‘lishi mumkin: "U [yerni] dengizlar ustiga qurdi..." (Zabur 23:2).
Pyotrning ta’kidlashi qanday ilmiy ma’noga ega bo‘lishidan qat’i nazar, biz aniq bilamizki, yer suvli, bulutlar bilan qoplangan dunyo; uning yuzasining to‘rtdan uch qismini okean egallaydi va katta qismi bulutlar bilan qoplangan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, yer yagona suv sayyorasi va shuning uchun faqat unda inson hayoti mavjud bo‘lishi mumkin.
3:6 Yer boshidanoq o‘z-o‘zini yo‘q qilish vositasi bilan ta’minlangan edi. Suv yer osti chuqurliklarini to‘ldirgan, dengizlarda va yer ustidagi bulutlarda bo‘lgan. Xudo barcha tubsizliklarni ochib, osmon derazalarini ochganida (Ibtido 7:11), yer suvga to‘ldi va kemadan tashqaridagi barcha jonzotlar halok bo‘ldi. Tanqidchilar tarixning bu faktini ataylab e’tiborsiz qoldirmoqdalar. Qizig‘i shundaki, so‘nggi yillarda to‘fon shafqatsiz hujumlar obyektiga aylandi. Ammo u haqidagi yozuvlar toshda, qadimgi va zamonaviy xalqlarning rivoyatlarida va eng to‘liq holda Xudoning muqaddas Kalomida saqlanib qolgan.
3:7 Xudo yerni yaratayotib, uni yo‘q qilish uchun yetarli miqdorda suvni joylashtirdi. Shuningdek, U osmonlaru yerda ularni halok qiladigan darajada olovni paydo qildi.
Bizning yadro asrimizda materiya to‘plangan energiyadan iborat ekanligini tushunamiz. Atom yadrosining parchalanishi juda katta miqdordagi energiyaning olovli ajralishiga olib keladi. Shunday qilib, butun dunyo materiyasi ulkan portlovchi potensialga ega. Hozirda u Rabbimiz tomonidan ushlab turilmoqda (Kolossaliklarga 1:17: "...hamma narsa Uning irodasi bilan mavjud"). Agar O‘zining to‘xtatuvchi qo‘lini tortib olsa edi, yonib turgan unsurlar erib ketardi. Shu bilan birga, osmonlar va yer qiyomat kuni va fosiqlarning halokati uchun olovga saqlanmoqda.
3:8 Unda nega Xudo hukmni kechiktiryapti? Avvalo, Xudo abadiy ekanini yodda tutishimiz kerak. U bizga o‘xshab vaqt o‘lchovida yashamaydi. Biz uchun vaqt Quyoshning Yerga nisbatan joylashuvi bilan belgilanadi, Xudo esa bu munosabatlar bilan cheklanmagan.
Parvardigorning bir kuni ming yildek, ming yili bir kundek. U kunni ming yillikkacha uzaytirishi yoki ming yillikni bir kungacha qisqartirishi mumkin. U o‘z harakatlarini yoyish yoki jamlash imkoniyatiga ega.
3:9 Xudo hukm orqali xudosizlar tarixiga chek qo‘yishni va’da qilgan. Agar Xudo kechiktirayotgandek tuyulsa, va’dasiga xilof qilgani uchun emas, balki sabr-toqatli bo‘lgani uchundir. U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi. U hammaning tavba qilishini xohlaydi. U odamlar najot topish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun inoyat vaqtini ataylab uzaytiradi. Ishayo payg‘ambar (61:2) da Yahovaning marhamat yili va qasos kuni haqida o‘qiymiz. Demak, U rahm-shafqat ko‘rsatishni yoqtiradi, hukm esa Uning uchun g‘ayrioddiy ishdir (Ishayo 28:21). Ehtimol, bu Uning sabrini ming yilgacha cho‘zishi va hukmni bir kunga qisqartirishi mumkinligiga ham ishora qilayotgandir.
U yer yuziga to‘fon yuborish uchun 120 yil kutdi. Endi U dunyoni olov bilan yo‘q qilish uchun bir necha ming yil kutmoqda.
3:10 Xudovandning kuni keladi. Parvardigorning kuni Xudoning hukmi amalga oshadigan har qanday davrni anglatadi. Eski Ahdda bu so‘zlar Xudo yomonlik qiluvchilarni jazolagan va dushmanlarini sharmanda qilgan vaqtni tasvirlash uchun ishlatilgan (Ishayo 2:12; 13:6,9; Hizqiyol 13:5; 30:3; Yo‘el 1:15; 2:1, 11, 31; 3:14; Amos 5:18, 20; Obadyo 1:15; Zafanyo 1:7, 14; Zakariyo 14:1; Malaki 4:5). Yangi Ahdda bu turli bosqichlarga ega bo‘lgan vaqt davridir:
1. Xudovandning kuni buyuk qayg‘uga ishora qiladi, bu yetti yillik davrda Xudo imonsiz Isroilni hukm qiladi (1 Salonikaliklarga 5:2; 2 Salonikaliklarga 2:2).
2. U Xudoni bilmagan va Rabbimiz Iso Xushxabariga itoat etmaydiganlardan qasos olish uchun Uning yerga qaytishini o‘z ichiga oladi (2 Salonikaliklarga 1:7−10).
3. U Masih qo‘lida hassa bilan yer yuzini boshqaradigan Ming yillik Shohlikni ifodalash uchun ishlatiladi (Havoriylar 2:20).
4. U osmon va yerning oxirgi marta olov bilan vayron bo‘lishiga taalluqlidir.
Bu yerda, 3-bobda aynan shu ma’no nazarda tutilgan.
U tundagi o‘g‘riday, ya’ni kutilmaganda va halokatli tarzda keladi. Osmonlar shovqin-suron bilan o‘tib ketadi. Bu yerda, tabiiyki, osmondagi atmosfera va ehtimol yulduzli osmon nazarda tutilyapti, lekin uchinchi osmon - Xudoning maskani emas. Ular quloqni qomatga keltiruvchi portlash bilan o‘tib ketganda, unsurlar alangalanib, parchalanib ketadi. Bu yerda unsurlar moddaning elementar zarralarini bildiradi. Butunjahon yadro yong‘inida butun materiya vayron bo‘ladi.
Yer va undagi barcha ishlar yonib ketadi. (Yunoncha matndagi "yonadi" (katakaesetai) o‘rniga "heurethesetai" deb o‘qiymiz, bu "yo‘q bo‘ladi" degan ma’noni anglatishi mumkin.) Nafaqat tirik mavjudotning mevalari, balki butun sivilizatsiya ham yo‘q qilinadi.
Dunyoning buyuk poytaxtlari, mahobatli binolar, ajoyib ilmiy asarlar - barchasi butunlay yo‘q qilinadi.
3:11 Endi Butrus surbetlarcha mazax qiluvchilardan so‘ng muqaddaslarga qaytadi va ularga yuklatilgan majburiyatlarni yana bir bor eslatadi. Agar bularning hammasi shunday vayron bo‘lsa, muqaddas hayot va taqvodorlikda qanday bo‘lishingiz kerak? Moddiy narsalarning hammasida o‘tkinchilik muhri bor. Odamlar maqtanadigan, uchun yashaydigan narsalar nari borsa vaqtinchalikdir. Moddiy narsa uchun yashash - o‘tkinchi narsa uchun yashash demakdir. Sog‘lom fikr bizni bu dunyoning arzimas narsalari va o‘yin-kulgilaridan voz kechib, muqaddaslik va taqvo bilan yashashga undaydi. Vaqtdan ko‘ra abadiyat uchun, moddiylikdan ko‘ra ma’naviylikka e’tibor qaratish, o‘tkinchidan ko‘ra doimiylikni tanlash ancha ma’qulroqdir.
3:12 Shuningdek, imonlilar intizorlik bilan kutishlari kerak. Ular Xudoning kuni kelishini kutishlari va chin dildan orzu qilishlari lozim.
Ba’zilar "Xudoning kuni kelishini istamoq" iborasini, sadoqatli hayot kechirish va tinimsiz xizmat qilish orqali Rabbning kelishini tezlashtirish mumkinligi haqidagi ta’limotni tasdiqlash uchun qo‘llashadi. (Inglizcha tarjimada "tezlashtiruvchilar" deyilgan.) Lekin bu ta’limotda ikkita muammo bor. Birinchidan, Xudoning kuni Rabbimizning kelishi emas. Ikkinchidan, hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham, Masihning kelishi vaqtini xalqning g‘ayrati bilan o‘zgartirish mumkinligiga shubha qilishga asos bor.
Xudoning kuni abadiyatga taalluqlidir. U, yer va osmonlar vayron qilinadigan kunning so‘nggi bosqichidan keyin keladi. Xudoning kuni Uning to‘liq, uzil-kesil g‘alabasi kunidir. Shuning uchun ham biz bu kunni kutishimiz, chin dildan istashimiz kerak.
Butrus Xudoning kuni haqida "qachon" emas, balki "qaysi sababli yonayotgan osmonlar parchalanadi va yonayotgan unsurlar erib ketadi" deb aytadi. (Ruscha tarjimada "qachon", inglizchada esa "qaysi sababli" deyilgan.) Xudoning kuni yakuniy halokat sodir bo‘ladigan vaqt emas. Aksincha, yakuniy hukm Xudoning kuni kelishidan oldin bo‘lishi kerak.
3:13 12-oyatda imonlilarga Xudoning kunini kutish qat’iy tavsiya etilgan. Bu yerda ular adolat makon qiladigan yangi osmon va yangi yerni kutayotganlar sifatida tasvirlanadi. Bu so‘zlar Xudoning kunini yangi osmon va yangi yer bo‘ladigan abadiyat sifatida tasavvur qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ishayo (65:17; 66:22)da "yangi osmon va yangi yer" so‘zlari Ming yillik Shohlikni hamda abadiylikni tasvirlash uchun ishlatiladi. Bu joylar ming yillik davrni o‘z ichiga olishini bilamiz, chunki u yerda gunoh mavjud bo‘ladi (65:20) va bolalar tug‘iladi (65:23). Butrus bu so‘zlarni faqat abadiylikka, ya’ni mavjud osmon va yer o‘tib ketadigan vaqtga taalluqli deb hisoblaydi.
Butrus yangi osmon va yangi yerda adolat makon qilishi haqida gapiradi. Hozirgi vaqtda inoyat adolat orqali hukmronlik qilmoqda (Rimliklarga 5:21). Ming yillik Shohlikda adolat hukmronlik qiladi (Ish 32:1); abadiyatda esa adolat makon qiladi. Yerda Masih hukmronlik qilib, qo‘lidagi hassa bilan adolatni o‘rnatadi. Aynan shu ma’noda adolat hukm suradi. Ammo abadiyatda hassaga ehtiyoj qolmaydi. Adolat o‘z uyida yashaydi. Hech qanday gunoh kirib, bu manzaraning tinchligini va go‘zalligini buzolmaydi.
3:14 Yangi osmon va yangi yer haqidagi haqiqat Rabbimiz kabi muqaddas yashash istagimizni kuchaytirishi lozim. Bu nafaqat biz rioya qilishimiz kerak bo‘lgan haqiqat, balki u bizni asrab turadi ham. Tez orada Xudoning huzuriga borishimizni bilish bizda dog‘siz va nuqsonsiz bo‘lish, ya’ni axloqan pok bo‘lish istagini uyg‘otishi kerak. U bizni kurashga emas, tinchlikka intilishga undashi lozim.
3:15 Rabbimizning sabr-toqatini najot deb bilinglar. Hukmni kechiktirib, U odamlarga najot topish uchun to‘liq imkoniyat beradi. Odamlarning tobora ko‘payib borayotgan fosiqligini ko‘rib, biz ko‘pincha Rabbimiz bunga qanday chidayapti, deb so‘raymiz. Uning sabr-toqati ajoyib. Lekin bu bejiz emas. U gunohkorlarning o‘limini istamaydi. U odamlarning yomon yo‘llaridan qaytib, najot topishini xohlaydi.
Sevikli birodarimiz Pavlus ham o‘ziga berilgan donolik bilan sizlarga yozgan. Pavlusga bo‘lgan bu ishorada bir nechta e’tiborli jihatlar bor:
1. Avvalo, Butrus Pavlusni sevikli birodarimiz deb ataydi, garchi Pavlus Antioxiyada Butrusni samimiy bo‘lmagan xatti-harakatlari uchun ochiqchasiga fosh qilgan bo‘lsa ham (Galatiyaliklarga 2:11-21). Shubhasiz, Butrus bu tanbehni kamtarlik bilan qabul qilgan. Biz ham to‘g‘ri tanqidni qabul qila olishimiz va gina saqlamasligimiz kerak.
2. Butrus Pavlusga maktublar yozish uchun ilohiy donolik berilganini tasdiqladi. Bu Butrus Pavlusning maktublarini ilohiy ilhom bilan yozilgan deb hisoblaganini aniq ko‘rsatadi.
3. Butrusning o‘quvchilari Pavlusning bir yoki bir nechta maktubi bilan tanish bo‘lgan ko‘rinadi. Bu maktublar bevosita ularga yo‘naltirilgan yoki o‘sha hududda tarqatilgan bo‘lishi mumkin.
Pavlusning qaysi maktubida Rabbimizning sabr-toqati najot ekanligi aytilgan? Rimliklarga 2:4 da shunday deyilgan: "Yoki Xudoning mehribonligi, muloyimligi va sabr-toqatining boyligini mensimayapsanmi, Xudoning marhamati seni tavbaga yetaklashini tushunmayapsanmi?"
3:16 Barcha maktublarida Pavlus Butrus o‘zining ikkita maktubida ta’kidlagan ulug‘ haqiqatlar haqida gapirgan, masalan, qayta tug‘ilish, Masihning Ilohiyligi, Uning gunohsiz hayoti, Uning odamlarning gunohlari uchun o‘limi, Uning tirilishi, ko‘tarilishi va ikkinchi kelishi, Rabbimizning kuni va abadiylik.
Muqaddas Kitob haqiqatlarida, masalan, Uchlik, Xudoning azaliy tanlovlari va insonning erkin irodasi, azob-uqubatlar siri va boshqalarda tushunish qiyin bo‘lgan jihatlar bor. Agar Muqaddas Kitobda biz tushunmaydigan savollarni uchratsak, xijolat bo‘lmasligimiz kerak. Xudoning So‘zi cheksiz va tuganmasdir. Uni o‘rganar ekanmiz, biz hech qachon to‘liq tushuna olmaydigan hamma narsani biladigan Xudoga doimo ishonishimiz kerak.
Tushunish qiyin bo‘lgan narsalar haqida gapirganda, Butrus Pavlusning maktublarini tanqid qilmaydi. Pavlusning uslubi emas, balki u ko‘targan mavzularni tushunish mushkul. Barns shunday yozadi: "Butrus Pavlus nimani nazarda tutayotganini tushunish qiyinligi haqida emas, balki u o‘rgatgan buyuk haqiqatlarni anglash naqadar mushkulligi haqida so‘zlayapti". (Albert Barnes, Yangi Ahd bo‘yicha izohlar, X:268.)
Tushunish qiyin bo‘lgan haqiqatlarni imon bilan qabul qilish o‘rniga, johillar va beqaror odamlar ularni o‘z halokatlariga sabab qilib olishadi.
Masalan, ba’zi oqimlar qonunni gunohni fosh etish vositasi emas, balki najot yo‘liga aylantiradi. Boshqalar esa suvga cho‘mishni jannatga kirish eshigi deb biladi. Ular nafaqat Pavlusning asarlariga, balki boshqa Muqaddas Bitiklarni ham shunday munosabatda bo‘lishadi.
E’tibor bering, Butrus Pavlusning maktublarini boshqa Muqaddas Bitiklar, ya’ni Eski Ahd va o‘sha paytda mavjud bo‘lgan Yangi Ahdning barcha qismlari bilan teng qo‘yadi. U Pavlusning maktublari Xudo ilhomlantirgan Muqaddas Yozuvlarning bir qismi ekanini tan oladi.
3:17 Imonlilardan adashishga berilib ketmaslik uchun doimo hushyor bo‘lish talab etiladi. Biz haqiqatni buzib ko‘rsatadigan va unga taqlid qiladigan soxta ustozlar hamisha bo‘lishini bilib, doimo sergak turishimiz lozim. Hech narsadan shubhalanmaydigan odam qonunbuzarlarning aldoviga osonlik bilan uchib, ma’naviy muvozanatini yo‘qotishi mumkin.
3:18 Butrus yana bir bor Xudoning yo‘lida tinimsiz o‘sish soxta ta’limotlardan ishonchli himoya ekanini eslatmoqda. Ikki yo‘nalishda - inoyat va bilimda o‘sish kerak. Inoyat - Ruh mevasining amalda namoyon bo‘lishidir. Inoyatda o‘sish aqliy bilimlarning ko‘payishi yoki tinimsiz faoliyat emas, balki Rabbimiz Isoga tobora o‘xshab borishdir. Bilim deganda Kalom orqali Parvardigor bilan yaqindan tanishish tushuniladi. Bilimda o‘sish - bu Xudoning so‘zlari, ishlari va yo‘llarini tobora ko‘proq anglash va ularga bo‘ysunishdir. Ammo Butrus o‘z maktubini azizlarga nasihatlar bilan yakunlay olmaydi.
Kulminatsiya Najotkorni ulug‘lash bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham biz bu yerda imonning go‘zal so‘zlarini uchratamiz: "Unga hozir ham, abadiyat kunida ham shon-sharaflar bo‘lsin. Omin." Oxir-oqibat, mavjudligimizning asosiy maqsadi Uni ulug‘lashdir. Shuning uchun ham aynan mana shu so‘nggi so‘zlar bu o‘rinda juda o‘rinli bo‘ldi.